11 Sentyabr 2021 yil 488

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan bugungi maʼrifat darsi “Sheʼrga ko‘chgan shaxsiyat” mavzusida bo‘ldi.

Joriy yilning 11 sentyabr kuni erta tongdan, Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan, shaxsiy tarkib hamda faxriy xodimlar ishtirok etgan maʼrifat darsi o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, shoir Shavkat Rahmon ijodiga bag‘ishlanib, ushbu shoirning hayoti va serqirra faoliyati o‘rganildi.

Mashg‘ulot Buxoro viloyati Yozuvchilar uyushmasi mutaxassisi, shoira Ro‘ziyeva Go‘zal Sattorovna va Buxoro davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti professori, adabiyotshunos olima Axmedova Shoira Neʼmatovnalar tomonidan olib borilib, mavzu doirasida xodimlarga batafsil maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, maʼrifat darsi davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kasaba uyushmalari qo‘mitasi bosh mutaxassisi Abdug‘ofur Sattorovning “El-yurt osoyishtaligi generallari” nomli kitobi taqdimoti ham o‘tkazilib, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi Hayot Sharipov tomonidan kitob mazmun mohiyati xususida so‘z yuritildi.

Bundan tashqari, xodimlarni o‘qitish, tarbiyalash va ularga munosib xizmat shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Vatanparvarlik tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi.

Tadbir jarayonida, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bayrami” munosabati bilan tashkil etilgan “Huquq bilimdoni” viktorinasida ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan viloyat ichki ishlar organlari xodimlari vazirlikning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Mashg‘ulotdan so‘ng Ichki ishlar organlari xodimlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi hovlisida arzonlashtirilgan “Kitob yarmarkasi” ham tashkil etildi.

Bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Text to speech