Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Bugun, 30 avgust kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligi bayrami munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi” bayrami arafasida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirishdagi alohida xizmatlari, milliy manfaatlarimizni himoya qilish, qonun ustuvorligi va tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi sharafli burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani, sohada yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan 1 nafar xodim “Jasorat”, 1 nafar xodim “Sodiq xizmatlari uchun” hamda 2 nafar xodim “Shuhrat” medallari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida xizmat qilib kelayotgan 92 nafar hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan 2 nafar marhum xodimlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 may kunidagi Farmoni bilan taʼsis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyruqlari asosida, vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligi taʼminlash yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olish borasidagi samarali mehnatlari, o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida ko‘rsatgan mardlik va jasorati uchun 14 nafar xodimlar turli darajadagi ko‘krak nishonlariga sazovor bo‘ldi.
Mamlakatimizda jamoat xavfsizligi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga izchillik bilan tadbiq etishdagi katta xizmatlari hamda jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtiroki uchun 2 nafar faxriy xodimlar esa “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan 1 nafar xodimga “polkovnik” maxsus unvoni va 2 nafar xodimlarga rag‘batlantirish tariqasida muddatidan oldin “mayor” maxsus unvonlari ham berildi.
Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan marosimda boshqarma boshlig‘i Shuxrat Aliyev, barcha rag‘batlantirilganlarni samimiy muborakbod etib, ushbu xodimlar, faxriylar va xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan marhum xodimlarning oila aʼzolariga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Mukofotlangan va rag‘batlantirilgan barcha hamkasblarimizni yuksak eʼtirof hamda eʼtibor bilan viloyat ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi nomidan qutlaymiz.