18 Fevral 2022 yil 460

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash borasida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Joriy yilning 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash va qonun buzilish holatlarini oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Hayʼat yig‘ilishi o‘tkazilib, barcha darajadagi rahbarlar va xodimlarning masʼuliyatini yana-da oshirish borasida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tomonidan qator vazifalar berildi.

Ushbu yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida bugun, joriy yilning 18 fevral kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida boshqarma boshlig‘i tomonidan kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida viloyat ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlaridagi barcha darajadagi rahbar va xodimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishning asosiy masalasi hisoblangan o‘tgan 2021 yil hamda joriy yilning hozirgi davrida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat o‘tashni tashkillashtirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasi, ularning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirish, xodimlar o‘rtasida korrupsiogen holatlarni oldini olish va ushbu yo‘nalishlarda bajarilishi lozim bo‘lgan kechiktirib bo‘lmas vazifalar birma-bir muhokama qilindi.

Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda, viloyat va tuman ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sarhisob qilinib, o‘z xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan xodimlarga nisbatan ko‘rilgan qattiq intizomiy taʼsir choralari eʼlon qilindi va bugungi kunda ham tegishli xulosa chiqarmasdan tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan rahbar va xodimlar qattiq ogohlantirildi.

Yig‘ilish davomida har sohaviy xizmat va tuman (shahar) kesimida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari yuzasidan yo‘l xaritalari ishlab chiqilishi, rahbarlar tomondan qo‘l ostidagi shaxsiy tarkib bilan “xodimbay” tizim asosida ish olib borish zarurligi yuzasidan muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bundan keyin shaxsiy tarkib o‘rtasida sodir etilgan intizom buzilish holatlariga qarab sohaviy xizmatlar va tuman (shahar) ichki ishlar organlari “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilib, salbiy tavsiflangan sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlarining rahbar xodimlariga qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari xodimlar o‘rtasida ham ijtimoiy profilaktik tadbirlar amalga oshirilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlarning alohida hisobi yuritiladi va ular tegishli tartibda moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab quvvatlanadi.

Text to speech