27 Aprel 2022 yil 429

Buxoro viloyati Ichki ishlar va Soliq boshqarmalari boshliqlari birgalikda Shofirkon tumani tadbirkorlarining murojaatlarini o‘rgandi

Joriy yilning 27-aprel kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev va Davlat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Maqsud Mamatxanovlar birgalikda Shofirkon tumani tadbirkorlarining muammolari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi.

Tuman hokimligi binosida o‘tkazilgan qabulda viloyat mas'ullari tuman hokimi va sektor rahbarlari, “Bosh vazir qabulxonasi” tuman bo‘limi mutasaddilari, viloyat hamda tuman mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar, yechimini izlayotgan masalalar yuzasidan murojaatlarini birma-bir ko‘rib chiqdilar.

Sayyor qabulda 60 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etib, ulardan kelib tushgan turli masalalardagi 20 ga yaqin murojaatlar qabul qilindi.

Murojaatlar asosan tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, imtiyozli kredit mablag‘larini olishda yordam berish bilan bog‘liq masalalalarda bo‘ldi.

Bunda, har bir murojaat bo‘yicha tegishli mutasaddilarning tushuntirish va fikrlari o‘rganildi hamda aniqlangan muammolar tuman, viloyat va respublika darajasida hal etilishiga qarab ajratilib, masʼullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan holda chora tadbirlar belgilab olindi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i tuman mahallalarida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari bilan ham yuzma-yuz muloqot qilib, mahallalarda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga doir ularning fikr-mulohaza va takliflarini tinglandi.

Sayyor qabuldan so‘ng rahbarlar “Chandir” mahallasi Toldi cho‘l massivida oborotdan chiqqan 3.5 ming gektar yer maydonini o‘zlashtirib, chigit va soya o‘simligini ekib yetishtirishni rejalashtirgan "Romiteks" klasteri mirishkor dehqonlarining faoliyatini yaqindan o‘rgandilar.

Ushbu cho‘l massivida o‘zlashtirilayotgan dalalarni sug‘orish maqsadida qurilayotgan tik quduqlar va tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan ham chora-tadbirlar belgilab oldilar.

Text to speech