19 Noyabr 2022 yil 875

Buxoro viloyati IIB tomonidan G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlari faoliyatiga doir navbatdagi press-tur tashkil etildi

Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlar, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida bugun, 19 noyabr kuni “Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bilan bir kun” loyihasi doirasida G‘ijduvon tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Azim Xoliqovning kundalik ish faoliyati, tuman 3-sektorining faoliyati, boshqarma hamda uning quyi tizimlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishga doir press-tur tashkil etildi.

Mazkur press-turda tuman IIBning tegishli sohaviy xizmatlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar hamda “Kelajak liderlari” viloyat klubi aʼzolari qatnashdi.

Dastlab, G‘ijduvon tumani «Sarmijon» MFY hududida joylashgan tuman IIB 1-sonli Ichki ishlar bo‘limi binosida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda bo‘lim rahbari va xodimlarining xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishishdan boshlangan press-tur, tumanning «G‘ovshun» MFY hududida joylashgan tuman IIB 2-sonli, undan so‘ng “Sharq” MFY hududida joylashgan tuman IIB 3-sonli va “G‘ishti” MFY hududida joylashgan tuman IIB 4-sonli Ichki ishlar bo‘limlarida davom etdi.

Bunda, sutkalik naryadga jalb qilingan xodimlar ishtirokida navbatchilikni qabul qilish yuzasidan yo‘riqnomasi o‘tkazilib, saf ro‘yxati asosida xodimlarning xizmatga kelib ketishlari, hududda jinoyatchilikning ahvoli hamda sutka davomida sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatchilik holatlari yuzasidan masʼullarning axborotlari tinglandi.

Qolaversa, «Gulistonobod» MFY hududida joylashgan tuman IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi, viloyat IIB JXX YHXB huzuridagi 2-son ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmasi, tumani IIB Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi hamda tumanning Navoiy viloyati bilan chegara hududida joylashgan «Sarmijon» chegara yo‘l patrul xizmati maskanida xodimlar va aholi uchun yaratilgan sharoitlar hamda ushbu xizmatlarning ish faoliyati yaqindan o‘rganildi.

Navbatdagi manzil “qizil” hudud sanalgan G‘ijduvon tumanidagi “Sharq” MFYda esa jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda mazkur mahallada xizmat olib borayotgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorining hamkorlikdagi faoliyati hamda tumanning “Baraka” MFY hududi «Quchchi» cho‘l massivida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida jinoyatchilikning ahvoli hamda tuman IIB YHXB tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼullarning hisobotlari tinglandi.

Tuman IIB binosi, unda xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar, qabulxona hamda tergov va surishtiruv xonalari ish tartibi, u yerdagi innovatsion texnologiyalarning ishlash tartiblari bilan ishtirokchilar tanishtirildi.

OAV vakillari jurnalist va mustaqil blogerlar hamda viloyat “Kelajak liderlari” klubi aʼzolari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur press-tur davomida boshqarma boshlig‘ining kundalik ish faoliyati bilan tanishish bilan bir qatorda, ishtirokchilar soha xodimlaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham batafsil javoblar olishdi.

Xulosa qilib aytganda, press-tur mobaynida G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi faoliyati misolida xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida kunu-tun sadoqat bilan xizmat qilayotgan tizim xodimlari tomonidan barcha sohaviy xizmatlarda olib borilayotgan ko‘lamli ishlar keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirildi. Qizg‘in va samarali kechgan mazkur press-tur ishtirokchilariga hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

Text to speech