Buxoro viloyati IIB Xotin qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi masʼullari tomonidan «Biz zo‘ravonlikka qarshimiz» keng qamrovli profilaktik tadbirlari davom ettirilmoqda.
Buxoro Davlat Universitetining Psixologiya fakulteti o‘qituvchi va talabalari o‘rtasida «Biz zo‘ravonlikka qarshimiz» mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbuslari bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida ahamiyat berib kelinayotgani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash maqsadida 2019 yil 2 sentyabr kuni «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida» gi Qonunning qabul qilinganligi, ichki ishlar organlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimlarining joriy etilganligi, ojiz jins vakilasi hisoblanmish xotin-qizlarni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish maqsadida tashlangan eng dadil qadamlardan biri bo‘lganligi ham aytib o‘tildi.
Bundan tashqari “Himoya orderi” instituti, uning qaysi hollarda, kimlarga va qay shartlar asosida berilishi, orderning talab va majburiyatlari, uni buzganlik uchun javobgarlik choralari xususida yig‘ilganlarga batafsil tushuntirishlar berildi.
Jarayonda tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Buxoro viloyati IIB Huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi masʼul xodimlariga murojaat qilishdi hamda batafsil javoblarni olishdi.