21 Noyabr 2022 yil 627

Buxoro viloyati IIBda hududlarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasidagi chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan o‘tkazilgan kompleks tekshiruv yakunlari muhokama qilindi

Bugun, 21-noyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi majlislar zalida, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, Ichki ishlar bo‘lim va bo‘linma boshliqlari va masʼul xodimlar ishtirokida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev olib borib, joriy yilning 31 oktyabr kuni tasdiqlangan reja-topshiriq asosida viloyatning Jondor, Qorako‘l, Olot tumanlari va Buxoro shahar ichki ishlar organlarining kundalik ish faoliyati, rahbar va masʼul xodimlarning jinoyatchilikni oldini olish borasidagi tashabbuskorligi, yo‘l xaritalar bandlarining ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan kompleks o‘rganish natijalari, shaxsiy tarkib o‘rtasida ijro hamda xizmat intizomini mustahkamlash, shuningdek, joriy yilning noyabr oyi 20 kunida viloyatning shahar va tumanlarida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar ahvoli tanqidiy muhokama qilindi.

Ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlari va masʼul xodimlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasidan tuman (shahar)larga biriktirilgan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari va kuratorlar, Jinoyat qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jamoat tartibini saqlash va Tashkiliy boshqarmalar rahbar va masʼul xodimlarining hisobotlari tinglanib, tekshiruv davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tushuntirishlari eshitildi.

Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan, o‘ziga belgilab berilgan vazifalarni bajarishga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq va manzilli topshiriqlar berildi va ijrosi alohida nazoratga olindi.

Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan barcha sohaviy xizmatlar, hududiy ichki ishlar organlari rahbar va masʼul xodimlarining har biridan ijrochilik intizomiga qatʼiy rioya qilishlari, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etishlari lozimligi, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko‘rsatib, qo‘l ostidagi xodimlarga shaxsiy namuna ko‘rsatishlari talab qilindi.

Text to speech