29 Noyabr 2021 yil 963

Buxoro viloyati prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i G‘ijduvon tumanida sodir bo‘lgan mudhish qotillik jinoyatini keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qildilar.

Joriy yilning 27 noyabr kuni taxminan soat 12:00 larda G‘ijduvon tumani Zarangari mahallasida yashagan, 1978 yilda tug‘ilgan R.N. va uning turmush o‘rtog‘i 1975 yilda tug‘ilgan R.Z. lar o‘zlari istiqomat qilib kelayotgan xonadonda o‘zaro kelishmovchilik sabab janjallashib qolib, janjal vaqtida R.Z. o‘z ayolini oshxona pichog‘i bilan chap ko‘krak qafasi yuqori qismiga 1 marotaba urib og‘ir tan jarohati yetkazishi oqibatida vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki maʼlumotiga ko‘ra, marhuma R.N. o‘tkir sanchib kesuvchi jism taʼsirida chap ko‘krak yuqori qismidan olgan jarohati oqibatida kelib chiqqan o‘tkir ichki va tashqi qon ketishi natijasida vafot etganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan sudga oid tibbiy, kriminalistika hamda biologiya ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro R.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Bugun, 29 noyabr kuni Buxoro viloyati prokurori Maxmud Istamov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyevlar tomonidan, tuman sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar masʼullari, tuman faollari, “Zarangari” mahallasi mutasaddilari, ushbu mahallaning profilaktika inspektori, mahallalar hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokamasi o‘tkazildi.

Jinoyatni muhokama qilish jarayonida mahalla mutasaddilari va huquq tartibot maskani profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Jinoyat muhokamasida ishtirok etgan masʼullar ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qildilar.

Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, qo‘ni-qo‘shni, er-xotin, aka-uka va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi muammoli masalalarni o‘rganish, ularni bartaraf qilish borasida idoralararo hamkorlikni yana-da kuchaytirish, jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan toifa shaxslar, oilalar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar sifatini oshirishga, hududlarda “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech