Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi
Yurtimizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va aloqador tashkilotlarning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, informatsion texnologiyalar keng tatbiq qilinmoqda. Jinoyatchilikka murosasizlik «mahallabay», «xavfsiz xonadon», «xavfsiz hovli» va «fuqarobay» usullarida olib borilmoqda. Bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yaxshilash hamda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, tajribalar yaratish bo‘yicha mutasaddi rahbarlardan tashabbuskorlik talab etilmoqda.
Topshiriqqa asosan, IIV ishchi guruhi Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 12 fevral kuni IIV Hayʼatining kengaytirilgan majlisida berilgan topshiriqlar ijrosi o‘rganilib, tahlil qilindi. Xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi holatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishchi guruh tezkor-qidiruv, profilaktika va yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishlari bo‘yicha kichik guruhlarga bo‘linib, viloyatning barcha tuman-shaharlarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida keng qamrovli maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazdi.
Tadbirlar davomida 523 nafar voyaga yetmaganlar taʼlimga qaytarildi, 257 ta oila yarashtirildi, 256 ta «himoya orderi» rasmiylashtirildi, 59 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlandi, 1 470 marotaba uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazildi, farzand tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan 289 nafar ota-onalarga nisbatan choralar ko‘rildi.
Shuningdek, 27 ta jinoiy, 67 ta maʼmuriy holatlar aniqlanib, 9 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 7 ta jinoyatlar fosh etildi hamda 356 dona o‘q-dorilar va 8 dona o‘q otar qurollar ixtiyoriy ravishda topshirildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan «maxsus avtoreyd» tadbiri davomida 2 274 ta qoidabuzarliklar aniqlangan bo‘lib, shundan 997 tasi qo‘pol qoidabuzarliklar hisoblanadi, 844 ta avtomashina jarima maydoniga joylashtirildi.
Har qanday saʼy-harakat samarasi uning natijadorligi bilan baholanadi. Viloyat IIB rahbarlari va o‘rinbosarlari ishtirokida aniqlangan muammoli masalalar hamda tezkor tadbirlarning amaliy natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov va Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasining mazmun mohiyati va belgilangan vazifalar tushuntirildi. Shu bilan birga, rahbar xodimlarning faoliyati davomida tashabbuskorligi, bilim saviyasi, odob-axloqi hamda xizmat intizomiga rioya etishi tahlil qilindi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 14 nafar rahbar va masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo qo‘llandi. Jumladan, Buxoro va Shofirkon tuman IIB boshliqlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, viloyat IIB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i va Kogon shahar IIB boshlig‘i, Peshku, Shofirkon, Buxoro va Kogon tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlariga intizomiy choralar ko‘rildi. O‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan 31 nafar xodimlar «Aʼlo xizmatlari uchun», «Benuqson xizmatlari uchun» ko‘krak nishonlari, muddatidan oldin maxsus unvonlar, esdalik qo‘l soatlari hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. Viloyatdagi bo‘sh bo‘lgan 3 ta rahbarlik lavozimlari tajribaga ega, yuqori malakali nomzodlar bilan to‘ldirildi.
Sodir etilayotgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni yana-da barqarorlashtirish maqsadida har bir tuman-shahar IIB boshliqlari va mazkur hududlarga biriktirilgan viloyat IIB rahbar xodimlari tomonidan joylardagi vaziyatning chuqur tahlili asosida, jinoyatchilikni jilovlash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatildi.
Viloyatda aniqlangan muammoli masalalar yechimi bo‘yicha viloyat hokimligi binosida ham yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyat hokimi Botir Zaripov hamda viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa hamkor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Majlisda jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va erishilgan yutuqlar sektorlar kesimida tahlil qilindi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan, viloyatning shahar-tumanlarida jinoyatlar muhokamasi borasidagi kamchiliklar tanqid qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni qisqa muddat ichida bartaraf etish bo‘yicha sektor rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov jamoat xavfsizligi konsepsiyasi asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda qator vazirliklar va mahalliy hokimliklarga ham ustuvor vazifalar yuklatilganligini taʼkidlab, jinoyatchilikni jilovlash va aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish bo‘yicha, barcha mutasaddi rahbarlar daxldorlik hissini anglagan holda, faoliyat yuritishi lozimligi uqtirildi.
Bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimi boshchiligida, aniq reja asosida ishlarni tashkil etishga kelishib olindi.