Buxoro viloyatining 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev G‘ijduvon tumanidagi o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirdi.
Buxoro viloyatining 3-sektor rahbari Sh.Aliyev G‘ijduvon tumaniga borib, “Xo‘jayi Jahon” ziyoratgohi atrofida o‘z faoliyatini boshlagan milliy maxsulotlar savdo shaxobchalarini ko‘zdan kechirdi.
Sektor rahbari tuman hokimi hamrohligida ziyoradgoh hududidagi bo‘sh yerlarga daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishdi.
Ta‘kidlash lozim, hududda “Yashil maydon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan tuman hokimi boshchiligida 17 kishidan iborat ishchi guruh tuzilgan va rejaga ko‘ra, tumanning belgilangan joylarida joriy yilning kuz va 2022-yilning bahor mavsumlarida jami 6.350.000 ta 15 turdagi manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekiladi.
Ma‘lumot o‘rnida aytish mumkin, hozirgacha tumanda ko‘chat ekish aksiyasi doirasida 455.320 tadan ortiq daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shundan so‘ng masʼullar tumanning “BARAKA” mahallasi Qutchi aholi punktida zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilish obyektida ham bo‘ldilar.
“YANGI O‘ZBEKISTON” massivi deb nomlangan ushbu obyektda 5 qavatli 130 ta turar-joy binolari qad ko‘taradi. Bundan tashqari, bu yerda maktab, bog‘cha, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, oshxona, oilaviy shifoxona va boshqa binolar qurilishi rejalashtirilgan.
Shu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Aliyev tuman hokimi Sh.Ashurov va sektor rahbarlari ishtirokida G‘ijduvon tumanidagi bir qator fermer xo‘jaliklari dalalarida olib borilayotgan kuzgi shudgorlash ishlari bilan ham tanishdilar.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari hamda qolgan barcha shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli hududlarda olib borilmoqda.