Buxoro viloyatining 3-sektoriga qarashli hududlarida kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar salmog‘i oshgan mahallalarda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan mutasaddi idoralar masʼullari va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinmoqda.
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 19-21 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, hududiy ichki ishlar organlari hamda hamkor idoralar masʼullariga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
IIV ishchi guruhining o‘rganish natijalari bo‘yicha kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazilib, bunda viloyat ichki ishlar organlari va hamkorlikdagi idoralar tomonidan yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, xususan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni viloyat sektor rahbarlari va qolgan barcha turdagi jinoyatlarni hududiy sektor rahbarlari tomonidan mutasaddi idoralar masʼullari va keng jamoatchilik ishtirokida joyiga chiqib muhokama qilib borish yuzasidan aniq va manzilli topshiriqlar berildi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash hamda kriminogen vaziyati og‘ir, qizil va sariq toifalarga kirgan mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning sodir etilishiga imkon yaratib bergan shart-sharoitlarni “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimi asosida jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish, bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar, muassasalarning o‘zaro hamkorligini taʼminlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, 2021 yil 24 dekabr kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, sektorga qarashli G‘ijduvon tumanining kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar salmog‘i oshgan “Buktaroy” va “Baqqollar” mahallasida sodir etilgan ko‘p epizodli firibgarlik, “Amirobod” mahallasida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyatlarini, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar ishtirokida, jinoyat sodir etgan shaxslar istiqomat qilayotgan va jinoyat sodir etilgan mahallalarning o‘ziga borib, keng jamoatchilik o‘rtasida “mahallabay” va “sohabay” muhokama yig‘ilishlarni o‘tkazdi.
Shuningdek, tumanning Sharq mahallasidagi 411-sonli huquq-tartibot maskani binosida masʼul xodimlar bilan uchrashib, hududda yashovchi muammoli oilalar, turmush tarzi bilan shubha uyg‘otayotgan, doimiy ravishda nizo keltirib chiqaradigan, tuzalish yo‘liga o‘tmagan muqaddam sudlanganlar, voyaga yetmaganlar, spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘ygan, oila-turmush doirasida doimiy ravishda nizolashib kelayotgan fuqarolar, nosog‘lom muhit shakllangan oilalarni toifalarga ajratib, har bir toifa bilan “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tartibda profilaktik ishlarni olib borish, bunda ushbu toifa shaxslarni jamoatchilik asosida nazoratga olish, har bir shaxsni, oilalardagi muammolarni bartaraf etish uchun aniq maqsadli chora-tadbirlar belgilab olishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlab o‘tdi.
Bu kabi muhokama yig‘ilishlari viloyatning 3-sektoriga qarashli Shofirkon va Vobkent tumanlari hamda qolgan barcha shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarda amalga oshirib boriladi.