Buxoroda Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Zukko kitobxon” va “Zakovat” tanlovlari o‘tkazildi
Zakovat bu - bilim charxi. Zakovatli bo‘lish esa manan yetuklik deganidir. Jumladan, kitob o‘qigan insonning maʼnaviyati yuksak, dunyoqarashi keng, tafakkuri boy bo‘ladi. Bu sifatlar bugungi kun Ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur jihatlardir.
Ayni shu maqsadda, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida Buxoroda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yana-da oshirishga doir “Zukko kitobxon” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda faxrli 1-o‘rinni Samarqand viloyati, 2-o‘rinni Qashqadaryo viloyati va 3-o‘rinni esa Surxondaryo viloyati IIB jamoasi qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, xodimlarning intellektual va professional bilim darajasini oshirib borish hamda iqtidorli, ijodkor xodimlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatini namoyon etishiga ko‘maklashish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari ham o‘tkazildi.
Mazkur intellektual o‘yinlarda 3 ta jamoa faol ishtirok etib, savol-javoblarda o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Murosasiz va qizg‘in o‘tgan o‘yinda Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat “Buxoro” jamoasi 1-o‘rinni, Surxondaryo viloyati IIB jamoasi 2-o‘rinni va Qashqadaryo viloyati IIB jamoasi 3-o‘rinni egallab, g‘olib jamoalar munosib rag‘batlantirildi.