Buxoroda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish “Zarbdor oyligi” doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “OPIY” giyohvandlik vositasini sotish uchun olib kelayotgan fuqaro qo‘lga olindi.
Avval xabar berganimizdek, bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha “Zarbdor oylik” eʼlon qilingan bo‘lib, ushbu keng qamrovli tadbirlar doirasida Buxoro viloyatida ham tarkibida narkotik va psixotrop moddalari bo‘lgan vositalar va dori-darmonlarni aniqlash, ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, hududiy ichki ishlar organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda manzilli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, olingan tezkor maʼlumot asosida viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida, Buxoro tumani hududidan o‘tuvchi A-380 avtomagistral yo‘lida joylashgan avtomashinalarga gaz quyish shaxobchasida to‘xtab turgan Surxondaryo viloyati Denov tumani Sina mahalasida istiqomad qiluvchi fuqaro K.I. boshqaruvida bo‘lgan oq rangli “Kobalt” rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Surxondaryo viloyati Denov tumani Sh.Rashidov mahallasida yashovchi 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.X. ning yonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yonidan alohida qadoqlangan to‘rt dona polietilen o‘ramdagi umumiy vazni 195 grammni tashkil qilgan “OPIY” giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda sotish maqsadini ko‘zlab olib kelayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.