Buxoroda Milliy gvardiyaga ishga qo‘yish uchun taʼmagirlik qilgan shaxslar qo‘lga olindi.
“Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbirlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda, Peshku tumani Navbahor mahallasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro N.Z., o‘zga bir shaxsni aldab, ishonchini suiisteʼmol qilib, vakolatli tanishlari orqali uni 2.100 AQSH dollari evaziga Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirishni vaʼda qilib, Buxoro shahridagi “Grand Bukhara” mehmonxonasi oldida kimyoviy ishlov berilgan 1.700 AQSH dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Gumonlanuvchi N.z. o‘z ko‘rsatmasida ushbu olgan pullarni Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi M.B. ismli shaxsga yetkazishi lozimligini maʼlum qilgan. Uning ko‘rsatmasi asosida tezkor tadbir davom ettirilib, Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanuvchi avtomashinalar turargohida M.B. ismli shaxs kimyoviy ishlov berilgan 2.000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirgi kunda N.Z. hamda M.B. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi 2-qismi “B” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.