25 Sentyabr 2021 yil 721

Buxoroda "odam savdosi" bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi.

Inson tirik mavjudotlar orasida aql-idrok berilgan ongli mavjudot bo‘lib, u doimo ozod va erkin yashashga harakat qilgan. Uni erkidan mahrum qilishga hech kimning haqqi yo‘qligi dunyo hamjamiyati tomonidan tasdiqlangan qonunlarda ham belgilab qo‘yilgan.

Biroq, bugungi kunda dunyo bo‘ylab odam savdosidek o‘ta xavfli illatning keng tarqalishi inson shaxsi, shaʼni, qadr-qimmati, shaxsiy huquq va erkinliklariga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Bu bilan bog‘liq jinoyatlar jahon jamoatchiligini jiddiy tashvish va xavotirga solayotgani ayni haqiqat.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida, “Inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanidi”, – deb eʼtirof etilgan.

Bugungi kunda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr ko‘ruvchilarning ham muddaolari mushtarak. Yaʼni, yengil yo‘l bilan daromad topish. Bu esa o‘z navbatida ikki tomonni ham halokat domiga tortmoqda.

Keyingi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan bo‘lsa, dunyoning qator mamlakatlarida bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami shunchalik kengaymoqda. Yillar o‘tgan sari odam savdosiga qarshi kurash dunyoning barcha mamlakatlarida amalda bo‘lmasin, bu muammo hozirgi kunda barchani birdek qattiq tashvishga solmoqda.

Ushbu jinoyatga qarshi kurashish bo‘yicha yurtimizda ham qator manzilli tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, biroq, bu turdagi jinoyatlarning hali hanuz uchrayotgani insonni o‘yga cho‘mdiradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudida xuddi shu turdagi jinoyat sodir qilgan shaxslarning ishi ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi J.Sh. o‘zining jinoiy sheriklari onasi J.M., A.M. lar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, odamlar savdosi bilan shug‘ullanish maqsadida, 2019 yilning sentyabr oyi boshlarida X.N.ni BAAning “Dubay” shahridagi go‘zallik saloniga ishga joylashtirib qo‘yish, u yerda yaxshi daromad topishi mumkinligi to‘g‘risida ishontirib, aslida N.X. dan shahvoniy maqsadlarda foydalanishni rejalashtirib, jinoiy sheriklari bilan birgalikda uni BAA ning Sharja shahriga borishi uchun o‘z hisoblaridan aviachipta va sayohlik vizasi tayyorlab berib, 2020 yilning 04 fevral kuni “Toshkent-Sharja” yo‘nalishidagi avia reys orqali BAA davlatiga olib borib, “Sharja” shahridagi ko‘p qavatli uylarning biriga joylashtirib, N.X.ning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik pasporti) ni olib qo‘ygan holda begona erkaklar bilan jinsiy aloqa qildirib, uni foxishalik bilan shug‘ullanishga majburlab, zo‘rlik ishlatish hamda majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash bilan qo‘rqitib, ojiz ahvolga solib qo‘yib, o‘ziga moddiy jihatdan qaram qilib, 2020 yilning 4-fevral kunidagi 2020 yilning 24-may kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida shahvoniy maqsadlarda foydalanib, noqonuniy daromad to‘plab, odam savdosi jinoyatini sodir kilgan.

Mazkur jinoyat ishi sudda har tomonlama, xolisona ko‘rib chiqildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining hukmi bilan sudlanuvchilarga qonunda belgilangan jazo choralari qo‘llanildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi.

Text to speech