Buxoroda Prezident farmoni asosida afv etilganlar ijtimoiy hayotga yo‘naltirilmoqda...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu amallarning davomi sifatida, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan shaxslarni oilasi bag‘riga qaytarish, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyat yaratish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2021 yil 6 dekabrdagi «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi PF-30-son Farmoniga muvofiq, 7 nafar buxoroliklar ham jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolarni jamiyatga to‘laqonli moslashishini taʼminlash, dunyoqarashini o‘zgartirish, hamda ularga moddiy, maʼnaviy-ruhiy, tibbiy, yuridik va boshqa turdagi zaruriy yordamlar ko‘rsatilishini taʼminlash va turmush sharoitini yaxshilash maqsadida qator manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 28 dekabr kuni Buxoro viloyati 2-sektor shtabi binosida viloyat prokurori Maxmud Istamov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyevlar taalluqli davlat va jamoat tashkilotlari masʼullari bilan birgalikda afv etilganlar va ularning oila aʼzolarining ijtimoiylashuvini taʼminlash maqsadida, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatilib, o‘rganishlar davomida aniqlangan turmush tarzidagi muammolarini hal etish, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish borasida, shuningdek, fuqarolik pasportini yo‘qotgan va amal qilish muddati tugagan shaxslarga fuqarolik pasporti olishlarida amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, Afv etilganlar bilan individual tarzda olib borilgan suhbatlar natijasida ularda mavjud muammolar aniqlanib, chuqur tahlil qilindi hamda hokimlik, huquq-tartibot organlari, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlarning ko‘magida qisqa muddatlarda qonuniy hal etilishi alohida nazoratga olinib, zaruriy choralar belgilandi.