Buxoroda qalbaki pul kupyuralarini muomalaga kiritgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Olot tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Jondor tumani Xumdonak qishlog‘ida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan B.S., “Olot solt” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchasidan o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinasiga yoqilg‘i quyib, shaxobcha sotuvchisiga 2 dona 50 AQSH dollar kupyuradagi qalbaki pullarni berganligi aniqlangan.
Gumon qilinuvchi B.S. ning yonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, cho‘ntagidan yana 5 dona 50 kupyurali va 3 dona 100 kupyurali jami 550 AQSH dollari qiymatidagi qalbaki pullar borligi ham aniqlangan.
Bundan tashqari, gumon qilinuvchi B.S. o‘z ko‘rsatmasida Qorako‘l tumanida joylashgan “Qorako‘l Sarbon” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shaxobchasida 5 dona 50 AQSH dollar qiymatdagi va Qorako‘l tumani markazida joylashgan avtomobillarni taʼmirlash ustonasida ham 4 dona 50 AQSH dollar qiymatdagi kupyuralarni o‘zbek so‘miga almashtirib olganligini bayon qilgan. Tadbir davomida ushbu qalbaki pullar ham tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv hamda tezkor surishtiruv harakatlari davomida gumon qilinuvchi B.S. mazkur qalbaki pul kupyuralarini o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan “Sh” ismli mahalladoshidan olganligini maʼlum qildi.
Shunga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, 1989 yilda tug‘ilgan, Jondor tumani, Xumdonak mahallasida yashovchi, Sh.X. ham qo‘lga olinib, u bilan olib borilgan tezkor surushtiruv harakatlari davomida haqiqatdan ham B.S.ga qalbaki AQSH dollarini berganligini, mazkur qalbaki kupyuralarni tanishi “O” ismli shaxsdan olganligini bayon qilgan.
O‘tkazilgan keyingi tezkor tadbir davomida ushbu “O” ismli shaxsning 1980 yilda tug‘ilgan, shu mahallada istiqomat qiluvchi O.X. ekanligi aniqlanib ushlandi.
O.X.ning yashash uyi hamda yordamchi xo‘jaliklarida kechiktirib bo‘lmas tintuv harakatlari o‘tkazilganda, uning yotoqxonasida bir dona, qora rangli, chet elda ishlab chiqarilgan, chet el valyutasini qalbaki yoki qalbaki emasligi tekshirish uchun mo‘ljallangan moslama hamda bir dona qalbaki 5000 Rossiya rubli borligi aniqlanib xolislar ishtirokida bayonnoma asosida hujjatlashtirib olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqaro B.S., Sh.X. va O.X.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 176-moddasi 1-qismi va 176-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarning barchasiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.