Buxoroda tumanlararo patrul-post bo‘linmalari o‘z faoliyatini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabr kunidagi “ O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi 27-sonli Farmonining 3-bandi 5 va 6 qismlari hamda Farmon bilan tasdiqlangan “2022-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi”ning 3-bob 30-bandi talablari asosida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Patrul-post xizmati batalyoni tarkibiga kiruvchi (G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari) hamda (Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlari) ga xizmat ko‘rsatuvchi 2 ta tumanlararo patrul-post bo‘linmalari tashkil etildi.
Mazkur buyruq bilan xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A-380 G‘uzor, Buxoro, Nukus, Beyneu avtomobil yo‘lining 315-439 kilometrlar oralig‘ida transport vositalarining harakat xavfsizligini taʼminlash va yo‘l-transport hodisalarini oldini olish yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi viloyat IIB YHXB yo‘l patrul xizmati otryadi tarkibida safarbar guruh ham tashkil etildi.
Ushbu bo‘linmalar qisqa muddatlarda amaliy ish tajribaga ega xodimlar bilan to‘liq jamlandi.
Bugun, joriy yilning 10 may kuni ushbu yangi bo‘linmalar shaxsiy tarkibi va “Qalqon” jamoatchilik guruhlari aʼzolari bilan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari hamda tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirokida Yo‘riqnoma o‘tkazilib, xodimlarning xizmat ko‘rsatish hududlari belgilab berildi.
Boshqarma boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan Yo‘riqnomada xodimlarning xizmat vazifalari, xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya qilishlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilib, maxsus vositalar hamda transport vositalari bilan to‘liq taʼminlandi va bugundan boshlab xizmatga jalb etildi.
Ushbu bo‘linmalar faoliyatini nazorat qilish, xodimlarning ish natijalarini monitoring qilib borish yuzasidan soha rahbarlari va boshqarma boshlig‘ining tegishli o‘rinbosarlariga manzilli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.