Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bugun, 7 aprel kuni 2023 yilning birinchi choragi davomida viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida olib borilgan profilaktik tadbirlar va ularning natijadorligi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha keng jamoatchilikka axborot berish, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanini boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Jalolov ochib berib, ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi.
Shundan so‘ng, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov anjuman kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.
Bunda, tizimda amalga manzilli chora-tadbirlar, sohani “Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani qonunlarimizga, kundalik hayotimizga tatbiq etilishi orqali har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida barcha masalalar aniq yechimlari bilan belgilab berilgani taʼkidlandi.
Shu o‘rinda, tizimda, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar ongida “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan hayotiy tamoyilni qaror toptirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar joriy etilganiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Anjuman mobaynida boshqarma boshlig‘i va sohaviy rahbarlar tomonidan jinoyatlarning fosh etish, aniqlangan va oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar, tuman (shahar)larda jinoyatchilik salmog‘i, ayniqsa Axborot xavfsizligi sohasida sodir etilgan jinoyatlar, Tergov, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Probatsiya, yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlarining faoliyati, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, xodimlarga nisbatan kelib tushgan murojaatlar, xizmat intizomi va qonunchilik yo‘nalishlarida olib borilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Shu bilan birga jinoyatchilikni «fuqarobay» jilovlashning Buxoro tajribasi va boshqarmada tashkil etilishi rejalashtirilgan yagona boshqaruv markazi imkoniyatlari bilan ham o‘rtoqlashildi.
Unga ko‘ra hududlarda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga omil bo‘lgan shart-sharoitlar, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalladagi “beshlik” ning hamkorlikdagi ish natijalari birma-bir tahlil qilinayotgani, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kelib chiqib kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilangani aytib o‘tildi.
Taklif va mulohazalar bilan boy o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etgan OAV vakillari, jurnalist va mustaqil blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.