Diqqat, Buxoro viloyat prokuraturasining axboroti
Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan Buxoro viloyatida renovatsiya asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni qurish va ularni sotishga oid qonunchilik ahvoli o‘rganildi.
Aniqlanishicha, 2018-2021 yillar davomida renovatsiya davlat dasturi doirasida Buxoro shahri bo‘yicha 85 ta yakka tartibdagi hamda 59 ta 2, 3 qavatli uy-joylar buzilib, o‘rniga zamonaviy loyihalar asosida 69 ta (806 ta xonadon, 136 ta noturar obyektlar) ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlangan.
O‘rganishlarda, 2018-2020 yillarda ushbu ko‘p qavatli uylarning 7 tasi (88 ta xonadon, 19 ta noturar obyekt) qurilib foydalanishga topshirilgan, 62 tasida (718 ta xonadon va 117 ta noturar obyekt) qurilish-montaj ishlari davom etayotganligi aniqlangan.
Renovatsiya dasturining ijrosi viloyat hokimligi va viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olinib, har bir qurilish korxonalari bilan olib borilgan manzilli ishlar natijasida 22 ta (277 ta xonadon, 60 ta noturar obyekt) turar-joy binosi foydalanishga topshirilishi va 40 ta (441 ta xonadon, 57 ta noturar obyekt) turar-joy binolarida qurilish-montaj ishlari jadallashtirilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, 2021-2022 yillar davomida 89 ta ko‘p qavatli turar-joy binolarining qurilish meʼyorlariga zid ravishda foydalanishga qabul qilinganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyat qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi hamda viloyat kadastr palatasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishining tergovi davomida ushbu qurilish obyektlarining 88 tasida qo‘shimcha qurilish-montaj ishlari olib borilib, jami 5,6 mlrd. so‘mlik kamchiliklar to‘liq bartaraf etilishi va 1 251 nafar fuqarolarning xonadonlarga ko‘chib kirishi taʼminlandi. “Adiz Buxoriy” MCHJ tomonidan Buxoro shahrining “Ibn Sino” ko‘chasida qurilgan qolgan 1 ta ko‘p qavatli uydagi kamchiliklar bartaraf qilinmoqda.
Turar - joy binolarini qurib foydalanishga topshirish davomida fuqarolarni aldab, ishonchini suiisteʼmol qilib, ularga tegishli xonadonlarni rasmiylashtirib bermasdan kelayotgan quruvchi tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan 13 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ular ichki ishlar organlari tergovidan bevosita viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi ish yurituviga olindi.
Olib borilayotgan tergov harakatlari natijasida jinoyat sodir etilishi oqibatida fuqarolarga yetkazilgan 3 mlrd. 184 mln. so‘mlik zararning undirib berilishi va boshpanasiz qolgan 62 nafar fuqarolarga o‘zaro kelishuv asosida uy-joylarining olib berilishi taʼminlanib, buzilgan huquqlari tiklandi.
Xususan, “Buxoro eco stroy plyus servis” MCHJ rahbari G‘.Payanov va boshqalar fuqarolarni aldab, o‘zlari qurgan ko‘p qavatli uydan kvartira berishni vaʼda qilib, ularning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini olib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, jinoyatni sodir qilgan G‘.Payanov va uning 2 nafar jinoiy sherigi qamoqqa olingan.
Hozirda ushbu jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda, sudning yakuniy qarori bilan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning qoplanishi masalasi hal etiladi.
Bundan tashqari, Buxoro shahrining “Hamza”, “S.Ayniy” va “T.Farog‘iy” ko‘chalarida ko‘p qavatli uy-joylarni qurayotgan “Impala collection busines” MCHJ, “Bunyodkor shaharsozlik” MCHJ va “Shams nur iqbol” MCHJ rahbarlari fuqarolarni aldab, ularga xonadonlarni rasmiylashtirib bermasdan, moddiy zarar yetkazganliklari aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan MCHJ rahbarlari Shamshod Mansurov, Nurali Qilichov va Tohir Qodirovlarga nisbatan sudning ajrimiga asosan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Hozirda dastlabki tergov davom etmoqda.
Shu o‘rinda, fuqarolarga qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy uylaridan xonadon (kvartira) xarid qilishda firibgarlardan ehtiyot bo‘lishni, xonadon sotib olishda huquqshunos maslahatidan foydalanishlarini eslatib o‘tamiz.
Unutmang, aldanib qolib, huquqlaringiz buzilganligini bilgan taqdirda zudlik bilan viloyat prokuraturasining (65) 221 – 10 - 07 raqamli “Ishonch telefoni”ga yoki prokuratura idoralariga ariza bilan murojaat qiling yoxud viloyat prokurori, tuman (shahar) prokurorlarining shaxsiy qabuliga kiring. Viloyat prokurorining shaxsiy qabuli haftaning seshanba, juma kunlari viloyat prokuraturasi binosida bo‘ladi.
Yodda tuting, sizning buzilgan huquqlaringiz va manfaatlaringiz qonun doirasida tiklanishi hamda aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi taʼminlanadi!