G‘ijduvon tumanida 7 tup “Kannabis” o‘simligi va 373,15 gramm “Marixuana” giyohvandlik vositasi aniqlandi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida xizmat olib borayotgan shaxsiy tarkib tomonidan “Xavfsiz hudud” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida qator tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Bunda viloyatning barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda keng jamoatchilik jalb etilgan bo‘lib, giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasidagi tadbirlar kuchaytirilgan.
Navbatdagi xuddi shu turdagi tadbir davomida, tezkor xodimlar tomonidan olingan ma’lumot asosida G‘ijduvon tumani Kabobi ko‘chasida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan T.U. uzining yashash xonadoni tomarqa erida jami 7 tup “Kannabis” (kanop) giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi, shuningdek, xonadonining yotoqxonasi hamda omborxonasi ko‘zdan kechirilganda viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limining sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra quritilgan holdagi sof vazni 373,15 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “Marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlandi
Mazkur holat yuzasidan T.U. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.