G‘ijduvon tumanida hokim va profilaktika inspektori uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 aprel kunidagi 5050-sonli Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov rahbarligida 2021 yilning 18 mart kuni Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari va jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan 24-son qo‘shma sayyor yig‘ilish bayoniga asosan tuman hokimlari joriy yilning mart oyidan boshlab har oyda profilaktika inspektorlari bilan shaxsan uchrashib, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasidagi muammolarni o‘rganishi va ularni hal etish hamda tayanch punktlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda amaliy yordam ko‘rsatish amaliyoti joriy qilingan edi.
Mazkur normativ hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida G‘ijduvon tumanida profilaktika inspektorlarining xizmat hamda turmush sharoitlarini yaxshilash, mahalla huquq-tartibot maskanlari moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida tuman hokimligi mablag‘lari hisobidan jami 32 ta zamonaviy kompyuter jamlanmalari olib berildi.
Kuni kecha o‘tkazilgan hokim va profilaktika inspektorlarining navbatdagi uchrashuvi davomida tuman hokimining tashabbusi hamda xalq deputatlari G‘ijduvon tuman kengashining qarori bilan xizmat hududida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash borasida samarali mehnat qilib kelayotgan, 2021 yilning 8 oyi davomida mahallasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan hamda jinoyatlarning keskin kamayishiga erishgan 28 nafar profilaktika inspektorlari 1 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajargan, qo‘l ostidagi xodimlarni o‘z ortidan ergashtira oladigan, fuqarolar orasida ichki ishlar organlarining nufuzini ko‘tarishda jonbozlik ko‘rsatgan xodimlarning 6 nafari televizor, 10 nafari mikroto‘lqinli pech hamda 27 nafari elektr choynaklar bilan mukofotlandi.
Mazkur tantanali uchrashuvda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev ham ishtirok etib, tuman ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga o‘zining samimiy tilaklarini, xizmatni samarali tashkil etish bo‘yicha talab hamda tavsiyalarini bildirib o‘tdi.