G‘ijduvon tumanida ijtimoiy tarmoq firibgari fosh etildi.
G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, G‘ijduvon tumani Guliston mahallasida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan Q.D. ismli ayolni 2021 yil 30 oktyabr kuni soat 13:07 da “TELEGRAM” ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘zini “NOBEL” tibbiy kompaniyasi xodimi “Jasur” deb tanishtirgan nomaʼlum shaxs, zaruriy dori-darmon vositalarini yetkazib berishini vaʼda qilib, uni aldab, plastik kartasidan “click” dasturi orqali jami 6.900.000 so‘m pullarni o‘zining plastik kartasiga ko‘chirib olishga erishib, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni Shofirkon tumani, Shodlik mahallasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan I.R. sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning boshqa shu kabi sodir etilib fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida qo‘shimcha tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Plastik kartangiz raqamini va maxfiy kodini birovga bermang.
Turli elektron savdolar hamda sport o‘yinlarida ishtirok etmang.
Plastik kartadagi pullaringiz virtual firibgarlar nishonidadir!