10 May 2022 yil 922

G‘ijduvon tumanida jinoyatlar mahallaning o‘zida muhokama qilindi

Bugun, 10-may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, G‘ijduvon tumani hokimi va boshqa mutasaddilar 3-sektorga qarashli ushbu tumanning qizil toifali kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan “A.Qahhor” mahallasida sodir etilgan jinoyatlarni, shuningdek yaqinda sodir etilgan o‘ta og‘ir mudhish jinoyatni mahallaning o‘zida faollar, ko‘cha vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qildilar.

Shu o‘rinda aytish joizki, mazkur mahallada o‘tgan 2021 yil davomida jami 9 ta, shundan 2 tadan o‘g‘irlik va tan jarohati yetkazish, 3 ta firibgarlik, 1 tadan YTX va pora berish jinoyatlari sodir etilgan bo‘lib, yil yakuni bilan ushbu mahalla "qizil mahalla" toifasiga kirgan.

Joriy yilda ham mazkur mahalla kriminogen og‘ir hudud sifatida baholanmoqda. Xususan hozirgi kunga qadar 4 ta, 1 tadan firibgarlik, haqorat qilish, YTX va qotillik jinoyatlari sodir etilgan.

Shundan kelib chiqib boshqarma boshlig‘i masʼullar ishtirokida mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarni joyiga chiqib o‘rganib, ushbu mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlarini tingladi.

Jinoyatlarning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma-bir tahlil qildi.

Muhokamada mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, ichki ishlar boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda ushbu mahalla va tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida jinoyatlar va ularning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilish, kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari bugungi kunda ko‘plab sodir etilayotgan yo‘l transport hodisalari, firibgarlik va kiber jinoyatchilik xususida ham so‘z yuritilib, aholining huquqiy savodxonligi va haydovchilik madaniyatini oshirish, aholi o‘rtasida bu turdagi jinoyatlarga nisbatan murosasiz bo‘lish, ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolmaslik yo‘llari tushuntirildi.

Text to speech