25 Noyabr 2021 yil 1585

G‘ijduvon tumanida sodir bo‘lgan mudhish qotillik jinoyati keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.

Joriy yilning 24 noyabr kuni soat taxminan 0830larda G‘ijduvon tumani “Gajdumak” mahallasida yashovchi, 1951 yilda tug‘ilgan A.M. o‘zi yashab kelayotgan Gajdumak qishlog‘ida joylashgan uyining oldida obodonlashtirish ishlarini olib borayotib, daraxtlarni butayotgan vaqtida, qo‘shnisi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro J.M. uyidan chiqib kelib butalgan daraxtning o‘ziga tegishli ekanligini iddao qilib, daraxt tanalarini kesganligi uchun qo‘shnisiga eʼtiroz bildirganligi sababli o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida janjallashib, janjal vaqtida fuqaro A.M. qo‘lidagi ish quroli yog‘och dastali o‘roq bilan J.M.ning chap ko‘krak sohasiga bir marotaba qasddan urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi olgan tan jarohati natijasida shu yerning o‘zida vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki maʼlumotiga ko‘ra, marhuma J.M. o‘tkir sanchib kesuvchi jism taʼsirida chap yelka yuqori orqa yuzasidan chap ko‘krak qafasiga o‘tib, chap o‘pka va yurak chap bo‘lmasiga kirishi natijasida olgan jarohati oqibatida kelib chiqqan o‘tkir ichki va tashqi qon ketishi natijasida vafot etganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan sudga oid tibbiy, kriminalistika hamda biologiya ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro A.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Joriy yilning 25 noyabr kuni Buxoro viloyati prokurori Maxmud Istamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev hamda viloyat hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Jumayevlar tomonidan, tuman sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar masʼullari, tuman faollari, “Gajdumak” mahallasi mutasaddilari, ushbu mahallaning profilaktika inspektori, mahallalar hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokamasi o‘tkazildi.

Jinoyatni muhokama qilish jarayonida mahalla mutasaddilari va huquq tartibot maskani profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Jinoyat muhokamasida ishtirok etgan masʼullar ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qildilar.

Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, qo‘ni-qo‘shni, er-xotin, aka-uka va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi muammoli masalalarni o‘rganish, ularni bartaraf qilish borasida idoralararo hamkorlikni yana-da kuchaytirish, jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan toifa shaxslar, oilalar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar sifatini oshirishga, hududlarda “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech