4 Yanvar 2022 yil 783

G‘ijduvon tumanida sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul rahbarlari ishtirokida muhokama qilindi.

2021 yilning 30 dekabr kuni soat 18:30 larda, G‘ijduvon tumani Denov mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan S.Z. spirtli ichimlik isteʼmol qilgan mast holatda, o‘zining yashash uyida 2004 yilda tug‘ilgan o‘z o‘g‘li U.N. bilan o‘zaro janjallashib qolib, jahlini jilovlay olmay o‘g‘lining qorin sohasiga oshxona pichog‘i bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Natijada U.N. ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, olgan og‘ir tan jarohati sabab tuman kasalxonasida vafot etgan.

Holat yuzasidan G‘ijduvon tuman Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi qamoqqa olingan.

3 yanvar kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Boltayev, viloyat va tuman mutasaddi idoralar masʼullari, jinoyat sodir bo‘lgan “Denov” mahallasining mutasaddilari, profilaktika inspektori, mahallaning qishloq va ko‘cha vakillari, faollar va keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokamasi o‘tkazildi.

Jinoyatni muhokama qilish jarayonida ushbu mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Jinoyat muhokamasida ishtirok etgan masʼullar ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy muhokama qildilar.

Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilingan holda mahallada, shuningdek, tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech