14 Dekabr 2021 yil 667

G‘ijduvon tumanida virtual firibgarlik sodir qilgan shaxs fosh etildi.

G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarning “telegram” tarmog‘i orqali o‘zini “Saida” deb tanishtirgan nomaʼlum shaxs, G‘ijduvon tumani Qorabog‘ mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan T.J. ni turli yo‘llar bilan aldab, uning nomiga ATBAgrobank” G‘ijduvon filiali tomonidan rasmiylashtirib berilgan plastik kartaning maxfiy kodini olishga erishib, joriy yilning 21 iyul kuni plastik kartasidan jami 2.200.553 so‘m pullarni yechib olgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, zaruriy tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni, Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Oltinko‘l mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan A.B. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.

Hozirda gumon qilinuvchi A.B.ning respublikamiz va viloyatimiz hududlarida sodir etilib, fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, ijtimoiy tarmoq firibgarlaridan ehtiyot bo‘ling.

O‘zingizga tegishli bo‘lgan plastik kartangiz maxfiy kodi va xos raqamini birovga bermang.

Tez va oson daromad topishni orzu qilib, ijtimoiy tarmoqlardagi turli yutuqli o‘yinlar, aksiyalarda ishtirok etib, elektron savdo-sotiq ishlarini amalga oshirib, firibgarlar tuzog‘iga ilinishdan ehtiyot bo‘ling.

Text to speech