G‘ijduvon tumanining cho‘l hududida ayolni bir necha erkaklar jinsiy aloqa qilishga majbur etgan holati bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinib shov-shuvlarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan QO‘SHIMCHA BAYONOT
Avval xabar berganimizdek, ushbu holat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, 2023 yilning 30 mart kuni soat taxminan 13:00 larda G‘ijduvon tumani “Sarmijon” mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan D.B. tanishi shu mahallada yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan S.G. ismli ayolni tumanning “Qoraxoni” mahallasi “Jilvon” cho‘l hududiga olib borib, uning erkiga zid ravishda jinsiy aloqada bo‘lib, o‘zi bilan birga borgan sherigi tomonidan holatni video tasvirga olib, ushbu video tasvir orqali uni o‘ziga qaram qilib, yonida bo‘lgan boshqa 3 nafar sheriklari bilan ham jinsiy aloqada bo‘lishga majbur qilgan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 30 mart kuni G‘ijduvon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 121-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish yuzasidan gumon qilinuvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasi JPK. ning 221-moddasi tartibida ushlangan edi.
Jinoyat ishi bo‘yicha zaruriy tergov harakatlari to‘laqonli olib borilib, bugun, gumon qilinuvchi 4 nafar shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 118-moddasi 2 qismi “v” bandi hamda 141/3- moddasi 2 qismi “b” bandi bilan ayblov eʼlon qilinib, ularga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Buxoro viloyati IIB ogohlantiradi!!!
Hurmatli fuqarolar, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari, OAV vakillari, mustaqil jurnalist hamda blogerlar!
Unutmang, “shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish” jinoyat sifatida tavsiflanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 141/3-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, yuqoridagi kabi holatlarni OAV yoki ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish, dastlabki tergovning haqqoniy, odilona va to‘liq olib borilishiga xalal berishi, o‘zingiz bilmagan holda sir tutilishi mumkin bo‘lgan tergov harakatlarini oshkor qilishingiz esa dalillarning yo‘qotib yuborilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yana bir bor eslatib o‘tamiz!
Bu kabi holatlar yuzasidan qo‘lingizga kelib tushgan har qanday maʼlumotning haqqoniyligini tekshirish, huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv yoki dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi yuzasidan belgilangan tartibda murojaat qilib yoxud ichki ishlar organlarining Axborot xizmatlari orqali maʼlumot olishingiz mumkin.