28 Yanvar 2022 yil 510

G‘ijduvon tumanining eng olis va ijtimoiy iqtisodiy ahvoli og‘ir deya baholangan "Oqrabot" mahallasi endi yangi qiyofa kasb etadi.

Yurtimizda qishloq va mahallarni obod qilish, xalqning turmush darajasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan hayotimizga tadbiq etilayotgan ushbu ezgu amallar bugun Buxoroning eng olis hududlarida yashayotgan yurtdoshlarimiz hayotida ham o‘z aksini topmoqda.

Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyatida 57 ta ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir mahallalar belgilab olinib, ushbu mahallalar hududlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, viloyat 3-sektorga qarashli G‘ijduvon tumanining markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir deya baholangan “Oqrabot” mahallasi viloyat hokimining tashabbusi, Ichki ishlar boshqarmasining masʼulligida obod go‘shaga aylantirilmoqda.

Bugun, joriy yilning 28 yanvar kuni ushbu mahallaga viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektor rahbarlari, viloyat hamda tuman mutasaddi idoralar rahbarlari va boshqa masʼullar borib, hududda mavjud muammolarni bartaraf etish, aholi xonadonlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ichki yo‘llarni shag‘allashtirish va asfalt yotqizish, ko‘chalarni turli chiqindilardan tozalash, irrigatsiya-melioratsiya tizimlarini, gaz va elektr taʼminoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, bino fasadlarini taʼmirlash, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish va yangi ijtimoiy obyektlarni qurish ishlariga start berildi.

Toza-ozoda, obod joyda fayzu-baraka bo‘ladi, – deydi dono xalqimiz. Obodonlashtirish va tozalik har kunlik hayotiy ehtiyojimizga aylanmoqda. Bu xayrli va ezgu ishlar aslo mavsum tanlamaydi.

Kuning mana shunday sovuq paylarida masʼullar tomonidan Oqrabotda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Maqsad esa bitta hudud aholisining pok niyatlari, ezgu orzu-maqsadlarini amalga oshirib, yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etishdir.

Text to speech