“G‘ijduvon Xo‘jai jahon savdo kompleksi AJ" ga qarashli buyum bozorida sodir bo‘lgan o‘g‘rilik jinoyati videokuzatuv moslamasi yordamida fosh etildi.
G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra joriy yilning 26 oktyabr kuni soat 10:00 larda nomaʼlum shaxs o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, A.G‘ijduvoniy mahallasida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan A.N. ning “G‘ijduvon Xo‘jai jahon savdo kompleksi AJ" ga qarashli buyum bozorida joylashgan savdo do‘koniga mijoz sifatida kelib, uning boshqa xaridorlar bilan chalg‘ib qolganligidan foydalanib, do‘konda turgan unga tegishli bir dona bahosi 10.000.000 so‘mlik tilla zanjirini o‘g‘irlab ketgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas surishtiruv hamda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilgan.
Gap shundaki, savdo atrofi hamda bozor hududida o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalarida jinoyatni sodir qilgan ayol tasvirga tushib qolgan.
Videokuzatuv kameralari yuzasidan olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxs Namangan viloyati Namangan shahar Orzu mahallasida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan M.R. ekanligi aniqlanib, jinoyat ishi fosh etildi.