Hamkorlik: Ayollar jinoyatchiligi va uning oldini olish masalalariga qaratildi
Buxoro viloyatida xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda "Ayollar daftari"ning 2-bosqichi bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida qator rejali ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, bugun, 11-sentabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasida viloyatda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishi hamda o‘z joniga qasd va suiqasd qilish, erta turmush va erta tug‘ruq kabi holatlarning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ayollarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, ularni turli yod g‘oyalardan himoya qilish maqsadida shahar va tumanlar hokimliklari, Ichki ishlar boshqarmasi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi masʼullari o‘rtasida doimiy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan hisobot uchrashuvi o‘tkazildi.
Bunda shahar va tumanlar hokimining xotin-qizlar masalalari maslahatchilari va hududiy Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas‘ullari hamda voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda viloyatning 3-sektori misolida "Ayollar daftari"ning 2-bosqichi bo‘yicha hisobga olingan xotin qizlar bilan ishlash borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar yuzasidan so‘z yuritilib, viloyat hududida joriy yilning 8 oyi mobaynida "Himoya orderi" berilgan hamda huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishda ishtirok etgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar ta‘kidlab o‘tildi va birma-bir tahlil qilindi.
Jamiyatning muhim bo‘g‘ini sanalgan xotin-qizlar o‘rtasida bu kabi holatlarning oldini olish borasida mas‘ul davlat idoralari o‘rtasida o‘zaro doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilar zimmasiga vazifalar hamda manzilli topshiriqlar berilib, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan holda ijroga qaratildi.