Hamkorlikdagi “Qoradori-2021” tezkor tadbiri davomida Buxoro tumanida giyohvand moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi.
Olingan xabar asosida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Bojxona va DXX viloyat boshqarmalari xodimlarining hamkorlikdagi “Qoradori-2021” tezkor tadbiri davomida Buxoro tumani Gulshanobod mahallasida yashovchi, 1961 yilda tug‘ilgan K.X.ning yashash xonadonida tintuv tergov harakatlari o‘tkazilganda, yashash xonasida 2 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilariga, 1 dona “belomor” sigaretasiga maydalanib joylangan, darvozaxonadagi so‘ri ustidagi gilam ostida 3 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilariga joylangan, hovlida yig‘ib qo‘yilgan o‘tinlar ustida oq rangli qog‘oz bo‘lagiga o‘ralgan quritilgan holatdagi “MARIXUANA” giyohvandlik vositalari, shuningdek yordamchi xonada turgan kurtkasining o‘ng tomon ichki cho‘ntagida 1 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutida “GASHISH” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Ekspert kriminalistika bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra K.X. ning xonadonidan hujjatlashtirib olingan giyohvandlik moddalarining sof vazni 13,03 gramm “MARIXUANA” va 0,34 gramm “GASHISH” giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan K.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 276-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.