Hurmatli fuqarolar, ogoh bo‘ling! Ijtimoiy tarmoqlarda virtual o‘g‘irlik sodir etishni kasb qilib olgan shaxslar sizning mulkingizga ko‘z olaytirmoqda.
G‘ijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2021 yilning 15 iyul kuni soat 14:00 da nomaʼlum shaxs, “telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi “klik bot” kanali orqali, G‘ijduvon tumani O‘zanon mahallasi O‘zanon qishlog‘ida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan X.Yu. ismli ayolga “yutuqli sovrin egasi bo‘ldingiz, yutuq pullarini tashlayman” deb aldab, uning soddaligidan foydalanib, plastik karta raqamlari va maxfiy kodini qo‘lga kiritib, plastik kartochkasidan 1.868.000 so‘m pullarini yashirin ravishda yechib olganligi bayon qilingan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyati Rishton tumani Buloqboshi qishlog‘ida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan M.S. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan virtual jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.