2 Noyabr 2024 yil 2071

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Buxoro viloyatining eng olis hududlaridan biri bo‘lgan Gazli shaharchasida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini oshirishga doir o‘rganishlar olib bordi

Romitan tumani markazidan 100 km. uzoqlikda joylashgan Gazli shaharchasining Gazli, Baynalminal va Qizilravot mahallalarida jami 6826 nafar aholi istiqomat qiladi.

Markazdan uzoqda joylashgan, kriminogen vaziyati bir muncha og‘ir hisoblangan ushbu hududdagi o‘rganishlar doirasida boshqarma boshlig‘i dastlab 1-son Ichki ishlar bo‘linmasiga tashrif buyurdi.

Bu yerda boshqarma boshlig‘i eng avvalo shaxsiy tarkibga yaratib berilgan mehnat sharoitlarini yaqindan o‘rgandi. Bunda xizmat xonalarida mavjud jihozlar hamda moddiy texnika taʼminotining ahvoli ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, xodimlarning ish daftarlari, yurituvidagi hujjatlar va boshqa zaruriy holatlar birma-bir ko‘rikdan o‘tkazilib, xizmat va ijro intizomi, nazorat kartochkalari va ularning ijrosi, profilaktik hisob yig‘ma jildlarining yuritilishi ham taftishdan o‘tkazildi.

O‘rganish davomida aniqlangan bir qator xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi va 1-son-Ichki ishlar bo‘linmasi rahbariyatiga aniq va manzilli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Gazli shahri hududidan A-380 xalqaro avtomobil yo‘li o‘tgan bo‘lib, bu yo‘nalishda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari sodir etilmoqda.

Monitoring natijalariga ko‘ra, mazkur hududda sodir etilayotgan odamlar o‘limi hamda tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari asosan haydovchilarning uzoq yo‘lda charchab, harakat vaqtida uxlab qolishi hamda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘ldan chiqib ketishi natijasida sodir bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda ushbu A-380 xalqaro avtomobil yo‘lining Gazli shahri hududidan o‘tgan qismida jami 4 ta YPX ko‘chma postlari tashkil qilingan bo‘lib, ushbu postlarda Yo‘l patrul xizmati xodimlarining boshqa sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda tunu-kun xizmat olib borishlari yo‘lga qo‘yilgan. Postlarning asosiy vazifasi yo‘l transport hodisalarini oldini olish, uzoq yo‘l bosib kelayotgan haydovchilarning hushyorligini oshirish maqsadida ularni to‘xtatib, bir oz dam olishlari uchun imkon berish, turli mashqlarni bajartirib, so‘ngra yo‘lida davom etishlariga ruxsat berishdan iborat.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rganishlari doirasida ushbu postlardagi xodimlarning xizmat jarayonlarini ham o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida boshqarma boshlig‘i xodimlarga jinoyat va huquqbuzarliklar hamda yo‘l-transport hodisalarini oldini olish borasidagi ishlarni yana-da kuchaytirish yuzasidan o‘zining bir qator tavsiyalarini aytib, mutasaddi rahbarlarga manzilli ko‘rsatmalar berdi.

Text to speech