Ichki ishlar organlari xalqchil hamda professional tuzilmaga aylandi
So‘nggi besh yillikda jamiyatning barcha sohalarida bo‘lgani singari ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida ham muhim tarixiy qadamlar qo‘yildi. Sohaning huquqiy asoslari mustahkamlanishi bilan birga, kuch-tuzilmalar faoliyatini samarali tashkil etishning asosiy sharti bo‘lgan moddiy-texnik bazani zamon talablariga javob beradigan shakl va mazmun bilan boyitish masalasiga davlat siyosati darajasidagi vazifa sifatida qaralmoqda.
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar — tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, aholi bilan yanada yaqin ishlaydigan, xalqparvar tuzilmaga aylantirmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Buning natijasida sohaning jamiyatdagi nufuzi oshib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ustuvor tamoyil ichki ishlar organlari faoliyatining bosh maqsadiga aylandi.
Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 20-yanvar kuni qabul qilingan “Ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini taʼminlash, mahallalar, aholi turar joylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan muhim huquqiy hujjatdir.
Mazkur qarorga asosan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi” tasdiqlandi.
Mazkur Kodeks, eng avvalo, ichki ishlar organlari xodimlarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlatning yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, o‘z burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar vakili etib tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishish, ichki ishlar organlari xodimlarida xizmat vazifalariga halol, vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, yuksak masʼuliyat bilan yondashish, jamiyatda umumeʼtirof etilgan odob-axloq normalariga so‘zsiz amal qilish tuyg‘usini shakllantirish, ichki ishlar organlarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar, suiisteʼmolchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obro‘siga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik kabi muhim vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Kodeksga ko‘ra, inson omilini istisno etish hamda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni o‘tash qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini zamon talablariga mos ravishda to‘liq raqamlashtirish belgilangani sohada uchrayotgan ko‘plab salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Kodeksda belgilangan qoida va talablarga ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan har bir xodim birday rioya etishga majburdir.
Qolaversa, qaror bilan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti to‘g‘risidagi nizom, ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.
Mazkur nizom bilan ichki ishlar organlarida xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddati bir yil etib belgilandi.
Hududiy ichki ishlar organlari ehtiyojini inobatga olib, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari bitiruvchilari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Tezkor-qidiruv faoliyati” taʼlim yo‘nalishlariga, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishni nazarda tutgan holda, 200 nafargacha qo‘shimcha har yillik qabul kvotasi kiritiladigan bo‘ldi.
Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD), shuningdek, fan doktori yoxud fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga ega bo‘lgan kafedra boshliqlarini mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra, oliy taʼlim muassasasi kafedra boshlig‘i (mudiri)ga tenglashtirish, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” bo‘yicha uzluksiz o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy masʼuliyati oshirish, bunda, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan dastur asosida xodimlarni har uch yilda bir marta o‘qitib, maxsus sinovdan o‘tkazish hamda sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini taʼminlaydigan sertifikat berish bilan bog‘liq islohotlar soha salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Shuningdek, ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish bo‘yicha nomzodlarni tanlashning adolatli, xolis va shaffof tizimini yaratib, o‘rnatilgan tartiblarni tubdan soddalashtirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ham qaror bilan belgilab qo‘yildi.
Bu esa sohada istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etish, ularning faoliyatini tizimli monitoring qilish va doimiy ravishda o‘qitib borish mexanizmlarini sifat jihatidan yangicha ko‘rinishda yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Eʼtiborlisi, qaror bilan barcha darajadagi hududiy, sohaviy va tarmoq ichki ishlar organlari boshliqlari o‘z bo‘ysunuvidagi shaxsiy tarkib bilan Kodeks talablarini bajarishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish, shuningdek, xodimlarning oilaviy-maishiy muammolarini doimiy o‘rganish va hal etish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rishga shaxsan javobgar etib belgilandi.
Bugun mazkur muhim qaror soha xodimlari tomonidan chuqur o‘qib, o‘rganilmoqda, uning mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish maqsadida joylarda o‘quv mashg‘ulotlari, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari tashkil etib kelinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, qaror sohadagi islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga, ichki ishlar organlarini xalqchil hamda professional tuzilmaga aylantirishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.
Shuhrat Aliyev,
Buxoro viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik
Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent