23 Avgust 2021 yil 1039

ICHKI ISHLAR ORGANLARI XODIMLARI QO‘LGA OLISH JARAYONIDA KUCH ISHLATISHI MUMKIN...MI?

Yarim tun. Ko‘chada nisbatan siyraklashgan mashinalar qatnovining shovqini, demasa, jimjitlik hukmron. Shu payt yo‘lning o‘rtasiga turib olib, baland tovushda ashula aytayotgan ayolning ovozi bu jimjitlikni buzdi. Chayqalib turishiga qaraganda, ayol mast edi. Shovqin-suronga PPX avtomobili etib keldi. Xodim fuqaroga yo‘l harakatiga xavf tug‘dirayotgani, bunday holatda uyiga ketgani ma’qulligini uqtirishga urindi. Befoyda. Ayol xodimga qo‘l siltab, ovozini badtar balandlatdi. Og‘ziga kelgan so‘zlar bilan xodimni haqoratlagani etmaganidek, kiyimlarini yirtib, atrofdagilar e’tiborini jalb qilish maqsadida baqir-chaqirni avjiga chiqardi. 

PPX xodimlari ayolni xizmat mashinasiga o‘tqazib, ichki ishlar organiga olib borishga qaror qildi, chunki uni bu holatda tashlab ketish jamoat osoyishtaligiga xavf tug‘dirishi mumkin edi. Xodimlar haqoratdan endi qo‘l oyoqlarini ishlatib, urishishga o‘tgan ayolning qo‘lini qayirib, mashina tomon yura boshladi. Bir soat o‘tib, mazkur voqeaning videotasviri internet sahifalarida paydo bo‘ldi, unda muallif xodimlarni bir begunoh ojizaga kuch ishlatib, tahqirlagani haqida kuyunib gapirardi. 

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nahot, shu voqeani kuzatib, videotasvirga olib turgan odam bu ayolning o‘zini bunday tutishi ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini tushunmasa? Masalan, biron-bir mashina urib ketib, ayol jarohat olishi yoki halok bo‘lishi, avtomobil haydovchisi aybdor bo‘lib qolishi ham mumkin-ku? Hatto o‘z xatti-harakatlariga javob berolmayotgan ayol kutilmagan holatga tushib qolishi ham hech gap emas. Buning ustiga, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194, 195-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklarni sodir etib turgan bo‘lsa... 

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlarining o‘z vazifalarini bajarayotgan paytdagi xatti-harakatlariga turlicha baho berib, ularni fuqarolar bilan muomala qilishda qo‘pollikka yo‘l qo‘yish, vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblashlar, qonun-qoidalar, mavjud tartib-tamoyillardan bexabar odamlar tomonidan muhokama etish holatlari uchrab turibdi. Agar xodim haqiqatan ham, shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ysa, unga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilishi muqarrar, albatta. Biroq, afsuski, oramizda voqeaga xolis fikr bildirishdan yiroq, kimgadir mag‘zava ag‘darib, o‘z reytingini ko‘tarishga urinayotgan kimsalar yo‘q, deb ham ayta olmaymiz. 

Deylik, mudhish yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Voqea joyiga tergov-tezkor guruhi etib keldi. Shu payt kameralari bilan jurnalistlar ham etib kelishadi. Bu holatda har ikkala taraf o‘z vazifalarini bajarishga intiladi. Xodimlar voqea joyini o‘rganib, surishtiruv-tergov ishlariga kirishib ketadi, jurnalistlar esa qiziqarli va tezkor material tayyorlashga, voqeadan keng ommani tezroq xabardor qilib, ogohlikka chaqirishga harakat qilishadi. 

Shunday ekan, nega ayrim hollarda, ular orasida ziddiyat paydo bo‘ladi? Gap shundaki, jurnalistlar ko‘proq videomaterial to‘plash niyatida voqea joyini yaqindan tasvirga olishga, xodimlar esa bunga yo‘l qo‘ymaslikka urinishadi. Nega? Voqea sodir bo‘lgan joyni o‘rganish, qoldirilgan izlarni topish, olish va qayd etish jinoyatni "issiq izida" ochishda muhim o‘rin tutadi. Tezkor guruh ishlayotgan payt begonalarning hodisa sodir bo‘lgan joyda bo‘lishi izlarning yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Nima qilsa to‘g‘ri bo‘ladi? Xodimlar voqea joyini lenta yordamida o‘rab olishi, shu bilan tinch ishlashga imkon yaratishi, jurnalistlar lentadan o‘tmagan holda, o‘z reportajlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Ularning savollariga xodimlardan biri qoida doirasida javob berishi zarur bo‘ladi.

Aytish joizki, ichki ishlar xodimlarida shubha tug‘dirgan shaxs, qoidabuzar, jinoyatchini qo‘lga olishda, ularning xatti-harakatlariga vakolat beruvchi qator me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan tartiblar asos bo‘ladi. Bu jarayonda jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qo‘llashning o‘z shartlari mavjud. Agar kuch ishlatmaydigan usullar xodimning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlamasa, u shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan, kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi. Masalan, jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish, ularni sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organga olib borish va shaxslarni ushlab turish, xodimning qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun kuch ishlatishga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, xodim maxsus vosita va o‘qotar qurol qo‘llanishiga ruxsat etilgan hollarda ham, jismoniy kuch ishlatishga haqlidir. 

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga etmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish qonun bilan taqiqlanadi. 

Shuni ham ta’kidlab o‘tish zarurki, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va o‘qotar qurolni qo‘llashdan avval xodim ularni qo‘llash niyati to‘g‘risida aniq ifodalagan holda ogohlantiradi, ushbu ogohlantirishning imkoni bo‘lmagan yoxud ularning qo‘llanilishini kechiktirish fuqarolarning va xodimning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita xavf tug‘diradigan hamda boshqa oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno hisoblanadi. Bu o‘rinda maxsus tadbirlar haqida to‘xtalmaymiz, chunki ular avvaldan ishlab chiqilgan reja asosida amalga oshiriladi.

Yaqindan buyon ichki ishlar organlari xodimlari zarur hollarda xizmatda elektroshok qurilmalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ldi. Tegishli me’yoriy hujjatlarga ko‘ra, patrul-post, yo‘l-patrul xizmati xodimlari hamda profilaktika inspektorlariga jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash jarayonida xizmatda foydalanish uchun faol himoya vositalari, ya’ni elektroshok qurilmalari zarur holatlarda qo‘llash uchun ajratilmoqda. 

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan faol himoya vositasi hisoblangan elektroshok qurilmalari turli xildagi huquqbuzarlik sodir etayotgan, xodimning qonuniy talablarini bajarmagan yoki faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. U mazkur jarayonlarda inson organizmiga elektr impulslarni hosil qilish asosida kontaktli va masofa-kontaktli elektr ta’sir o‘tkazish, huquqbuzarni zarasizlantirish imkoniga egadir.  

Bir narsani unutmasligimiz kerak. Ichki ishlar xodimlari xizmat jarayonida turli vaziyatlar va turli xil insonlar bilan to‘qnash keladi. Atrofdagi insonlarni xavfdan muhofaza qilish, jamoat tartibini saqlash, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida belgilangan tartibdagi xatti-harakatlarni noto‘g‘ri talqin qilish va fidoyi xodimlarni ommaga “olabo‘ji” qilib ko‘rsatishga urinish nafaqat ularning imijiga ta’sir ko‘rsatadi, balki tunu kun xalqimizning osuda hayot kechirishi uchun tinim bilmay xizmat qiladigan xodimlarga nisbatan odamlarning ishonchini so‘ndirishi tabiiydir. 

AZIZA JONIEVA.

“POSTDA” GAZETASI MUXBIRI.

Text to speech