Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari bilan yuzma-yuz uchrashdi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligini taʼminlash departamenti boshlig‘i polkovnik Bekmurod Abdullayev xizmat safari bilan Buxoro viloyatida bo‘lib turibdi.
Joriy yilning 16 sentyabr kuni vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezident xavfsizlik kengashi shoʻba mudiri Muzaffar Ergashev bilan birgalikda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev hamda boshqa mutasaddi rahbarlar hamrohligida Buxoro tumani Madaniyat saroyida Buxoro, Romitan va Peshku tumanlari, Vobkent tumani hokimligi binosida esa Vobkent, G‘ijduvon hamda Shofirkon tumanlarida xizmat olib borayotgan profilaktika (katta) inspektorlari bilan yuzma-yuz uchrashib, mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklarni muhokama qildi.
Polkovnik Bekmurod Abdullayev profilaktika inspektorlari bilan samimiy va ochiq muloqot qilib, Prezidentimiz tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatiga, ayniqsa profilaktika inspektorlariga yaratilayotgan qulay sharoitlar to‘g‘risida so‘z yuritib, xodimlarning xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishlari, sohadagi ayrim muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha o‘zining talab, taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.
O‘tkazilgan muloqotlar davomida “Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbirlari doirasida tashkil etilgan profilaktik tadbirlarda samarali ish olib borgan, o‘ziga biriktirilgan xizmat hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etib, mahallasini jinoyatlardan xoli hududga aylantirgan, jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan profilaktika (katta) inspektorlarining 24 nafariga Ichki ishlar vazirligining tashakkurnomasi va pul mukofotlarini topshirdi.