Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Bekmurod Abdullayevning Buxoro viloyatiga xizmat safari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligini taʼminlash departamenti boshlig‘i polkovnik Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev Buxoro viloyatiga xizmat safari davomida Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga qarashli Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi xodimlari hamda u yerda vaqtinchalik saqlanayotgan Voyaga yetmaganlar bilan shaxsan uchrashib, Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida ichki ishlar organlari va boshqa idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida, Vazir o‘rinbosari Jondor tumani hokimligi binosida Qorako‘l, Olot va Jondor tumanlarida xizmat olib borayotgan, Buxoro shahar hokimligi binosida esa Buxoro shahar, Kogon shahar hamda Kogon tumanida xizmat olib borayotgan profilaktika (katta) inspektorlari bilan yuzma-yuz uchrashib, mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli xato va kamchiliklarni muhokama qildi.
Vazir o‘rinbosari profilaktika inspektorlari bilan samimiy va ochiq muloqot qilib, uchrashuvlarda davlat rahbari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatiga, ayniqsa profilaktika inspektorlariga yaratilayotgan qulay sharoitlar to‘g‘risida so‘z yuritib, xodimlarning xizmat intizomi va qonunchilik talablariga rioya etishlari, sohadagi muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha o‘zining talab, taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.
Shuningdek, “Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbirlari doirasida tashkil etilgan profilaktik tadbirlarda samarali ish olib borgan, o‘ziga biriktirilgan xizmat hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etib, mahallasini jinoyatlardan xoli hududga aylantirgan, jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan profilaktika (katta) inspektorlarining 18 nafariga Ichki ishlar vazirligining tashakkurnomasi va pul mukofotlarini topshirdi.