Ichki ishlar vazirligi homiyligiga berilgan Buxoro shahridagi 24-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida taniqli sanʼatkorlar, so‘z ustalari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston kelajagini birgalikda quramiz!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.
Buxoro shahridagi 24-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida kitob o‘qishni, sheʼr yodlashni, rasm chizishni, madaniy hordiq chiqarishni yoqtiradigan bolalar juda ham ko‘p.
Ammo ularning boshqa o‘quvchilardan farqi shundaki ular hayotni qalb ko‘zi bilan idrok qilishadi, tushunishadi.
Balki atrofdagi ayrim narsalarning rangini bilmas ammo vatanga bo‘lgan muhabbatning rangi qanday bo‘lishini yoki baxtning rangini so‘rangchi ulardan.
Ushbu maktab-internati Ichki ishlar vazirligi homiyligiga berilgan. Shunga binoan Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan muassasada ko‘ngli kemtik o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbusini rag‘batlantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish maqsadida alohida ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ular ushbu maktab internatidagi yoshlarni o‘qishi, taʼlim tarbiya olishi, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun barcha shart sharoitlar yaratish borasida manzilli va keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Shuningdek Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan maktab-internati tarbiyalanuvchilari uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlar ham muntazam tashkil etib kelinadi. Respublikamizning barcha hududlarida bo‘layotgani kabi bugun Buxoro viloyatida taniqli sanʼatkorlar, so‘z ustalari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston kelajagini birgalikda quramiz!” nomli konsert dasturlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday madaniy maʼrifiy dasturning navbatdagisi Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va yoshlar ishlari agentligi hamkorligida ushbu taʼlim muassasida tashkillashtirildi.
O‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Mexriddin Raxmatov, so‘z ustalari Avaz Oxun va Nodir Xayitovlar ishtirok etishdi.
Ular tomonidan ijro etilgan kuy qo‘shiqlar bayram dasturiga zavq-shavq ulashdi.Uning taassurotlari yoshlar xotirasida bir umrga muxrlandi.
Shuningdek tadbir davomida Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan maktab internatining sinfxonalarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida kuler moslamalari yetkazib berildi.
Shu bilan birga fan, taʼlim, sanʼat va sport sohalarida yuqori natijalarga erishgan, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlar Ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Albatta o‘tkazilayotgan bu kabi madaniy-maʼrifiy tadbirlar, ko‘rsatilayotgan eʼtibor, rag‘bat tufayli bu bolajonlar bugun o‘zlarini imkoniyati cheklanganlar safida bilishmaydi. Ular bugungi kundan mamnun, kelajakka umid ko‘zlari bilan qarab, yuksak marralar sari odimlashmoqda.