IIV Buxoro Akademik litseyida “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi IIV Buxoro akademik litseyida bugun, 30-sentyabr kuni 1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Akademik litseyning professor-o‘qituvchilari, pedagog xodimlari va litsey o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o’rinbosari podpolkovnik Umid Utayev hamda ichki ishlar organlarida uzoq yillar samarali mehnat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan bir guruh faxriy xodimlar ham qatnashishdi.
Dastavval so‘zga chiqqanlar Ichki ishlar vazirining o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tantanali tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi IIVning buyrug‘i bilan Akademik litsey o‘qituvchilarining 4 nafari pul mukofotlari, o‘quvchilarning 2 nafari “Ichki ishlar vaziri stipendiyasi” yana ikki nafari “O‘qishdagi muvaffaqiyatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ichki ishlar organlarida keng miqyosda oʻtkazilayotgan “Kasbiy tayyorgarlik oyligi”da namunali ishtirok etgan Akademik litsey oʻquvchilari ham pul mukofotlari bilan munosib taqdirlandi.
Shuningdek, 1 nafar o’qituvchi IIV ning “Esdalik qoʻl soati” bilan taqdirlandi. Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan Akademik litseyning 6 nafar o‘qituvchilariga esa boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomasi tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari yana 71 nafar o‘qituvchi va pedagog xodimlar viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari birlashgan Kasaba uyushma Qo‘mitasi homiyligi va boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i asosida esdalik va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Akademik litsey o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy va jangovar chiqishlar, kuy-qo‘shiq va raqslar bayram tadbiriga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.