23 Avgust 2021 yil 704

Ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan fuqaro B.Sh. ning huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hatti-harakatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan rasmiy ma’lumot.

Mazkur videomurojaat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganildi va quyidagilar aniqlandi.

Ushbu holat bundan ikki oy ilgari sodir bo‘lgan, ya’ni 2021 yilning 22 iyun kuni Olot tumani Usmonshayx mahallasida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Sh. (ijtimoiy tarmoqqa chiqqan shaxs) hamda uning ushbu manzilda yashovchi, turmushga chiqmagan singlisi, 1979 yilda tug‘ilgan B.N. lar otasidan qolgan uy-joy masalasida ilgaridan mavjud bo‘lgan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashgan va ushbu mojaroga ularning akalari B.O., B.O‘., B.Z. hamda uning turmush o‘rtog‘i S.A.lar ham aralashib, otadan qolgan uy joyda singillarining ham ulushi mavjudligini aytib, yuzaga kelgan kelishmovchilik jarayonida bir birlarini haqorat qilib, urib tan jarohati etkazganlar.

2021 yilning 22 iyun kuni hodisa yuzasidan kelib tushgan xabar Olot tumani IIB Navbavtchilik qismida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, mas’ul xodimlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Surishtiruv harakatlarida janjal ishtirokchilarining har biri hatti-harakatlariga qonunda belgilangan tartibda huquqiy baho berilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari buyicha Qorako‘l tumani sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari buyicha Qorako‘l tumani sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra fuqaro B.Sh. (ijtimoiy tarmoqqa chiqqan shaxs) ning o‘zi O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41 va 52-moddalari 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, uning akasi B.Z. ham MJtKning 41 va 52-moddalari 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilganlikda aybli deb topilib, jarimaga tortilgan.

Bundan tashqari hodisa ishtirokchilari B.U., B.O. lar va ularning singlillari B.N. hamda mazkur nizoda ishtirok etgan oila kelini S.A.lar ham MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga jarima jazosi tayinlangan.

Shu o‘rinda, hurmatli fuqarolarimiz, mustaqil jurnalist va blogerlardan asoslanmagan yoki bir tomonlama tekshirilgan xabarlarni tarqatmasliklarini, bu kabi holatlarga aniqlik kiritish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning axborot xizmatlariga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.

Text to speech