Ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoroda suv quvurlari yotqizilayotgan joyda yer o‘pirilishi sabab 2 kishi vafot etdi” sarlavhasi ostida eʼlon qilingan maqola yuzasidan rasmiy maʼlumot.
Joriy yilning 16 noyabr kuni taxminan soat 15:30 larda Buxoro shahrida joylashgan “61-sonli avtokorxona” MCHJ tomonidan Kogon shahar Do‘stlik mahallasi Do‘stlik ko‘chasi hududida kanalizatsiya quvurlarini qazish ishlari olib borilayotgan vaqtda, kanalizatsiya quvuri uchun kovlangan o‘lchamlari: 4X5 metr, chuqurligi 4 metr bo‘lgan o‘raning atrofidagi qum uyumi o‘pirilib tushishi natijasida, quvur ichida ishlayotgan “61-sonli avtokorxona” MCHJ ishchilari 2000 yilda tug‘ilgan A.N. hamda 1999 yilda tug‘ilgan S.S. lar qum uyumi ostida qolib ketib, havo yetishmasligi oqibatida vafot etganlar.
Hodisa sodir bo‘lgan joyga chiqqan Buxoro viloyati Ichki ishlar hamda Favqulotda vaziyatlar boshqarmalari, Kogon shahar prokuraturasi, viloyat IIB va Kogon shahar IIB masʼul rahbar va xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tomonidan holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Jabrlanuvchilarning jasadlari viloyat FVB xodimlari tomonidan qum uyumi ostidan olib chiqilib, sud-tibbiy ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JK.ning 257-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.