Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan murojaat yuzasidan rasmiy maʼlumot...
Bugun, joriy yilning 13 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Buxoro shahrining 6-kichik nohiyasida bir ayol va uning bolasini mashina bosib ketishi oqibatida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa yuzasidan rasmiy munosabat kutib qolamiz" sarlavhasi ostida maʼlumot joylashtirildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi shuni maʼlum qiladiki, haqiqatdan ham 2022 yilning 12 aprel kuni soat 11:05 larda Sh.N. ismli shaxs o‘z boshqaruvidagi “Aholi Trans” MCHJ ga qarashli “SHACMAN” rusumli chiqindi tashish avtomashinasini, Buxoro shahar “Istiqlol" mahallasi bo‘ylab boshqarib borib, ushbu ko‘chadagi 84/1-sonli ko‘p qavatli uyning orqa tomonida joylashgan chiqindixonadan chiqib ketayotganida amaldagi yo‘l harakati qoidalarining 11-bandi va 77-bandi talablarini buzib, axlatxona yonidan o‘tib ketayotgan Yu.N. va bolalar aravachasida bo‘lgan, 2020 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.A. ni avtomashina o‘ng tomon g‘ildiragi bilan bosib ketgan.
Natijada Yu.N. va voyaga yetmagan S.A. “og‘ir” tan jarohati olib voqea joyida vafot etgan.
Ushbu holat yuzasidan fuqaro Sh.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan holda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.