Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan “Ommaviy mushtlashuv! Buxoro viloyati IIB bu to‘polon bo‘yicha nega rasmiy xabar bermadi? “nomli sarlavha ostida eʼlon qilingan videolavha yuzasidan rasmiy maʼlumot.
Mazkur videolavha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Joriy yilning 5 fevral kuni taxminan soat 16:00 larda Jondor tumani “Nurafshon” mahallasining "Moxon" qishlog‘ida joylashgan stadionda "Tobagar" va “Chandir” qishloqlari fuqarolari o‘zaro futbol o‘yini o‘ynaganliklari aniqlandi.
Futbol o‘yinining tashkil qilinishi, o‘yin davomida sodir bo‘lgan janjal va bu jarayonda biror bir fuqaroning tan jarohati olganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zi yoki boshqa shaxslar tomonidan Ichki ishlar boshqarmasining 102 avtomatlashtirilgan tizimiga, tibbiy muassasalarga, 103 qisqa raqamli tez yordam xizmatiga, tuman IIB navbatchilik qismi va hududiy profilaktika inspektoriga murojaat kelib tushmagan.
Holatga va ushbu fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish hamda ularning hatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Jondor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi.