Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan vedeo murojaat yuzasidan rasmiy maʼlumot
Ijtimoiy tarmoqlarda “Shofirkon tumanida sodir bo‘lgan” sarlavhasi ostida oziq-ovqat do‘konida bir erkak ayolni ayovsiz kaltaklagani va bunga chora ko‘rish yuzasidan video murojaat eʼlon qilindi.
Ushbu murojaat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, 2023 yilning 17 may kuni soat taxminan 11:00 larda Shofirkon tumani “G‘ulomte” mahallasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro T.E. ismli erkak Shofirkon tumani “A.Navoiy” mahallasida joylashgan oziq-ovqat savdo do‘konida 1995 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i A.M. ismli ayol bilan o‘rtalarida yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab janjallashib, turmush o‘rtog‘ini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, tanasining turli sohalariga qo‘llari bilan urib tan jarohati yetkazganlik holati, o‘sha kunning o‘zida jabrlanuvchining bergan xabari asosida tuman Ichki ishlar bo‘limida ro‘yxatga olinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Tekshiruv davomida zo‘ravonlikka uchragan jabrlanuvchi A.M. ga O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabr kunidagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi 561-son Qonuni asosida "Himoya orderi" rasmiylashtirilib berilgan.
Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.