21 Dekabr 2021 yil 729

Ishchi guruh Buxoro viloyatida oʻrganishlar oʻtkazmoqda

Mamlakatimizda beqiyos oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Qator sohalarda erishilayotgan yuksak marralar ozod va obod yurtimizning nufuzini oshirmoqda. Tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish, taraqqiyot boʻladi, mamlakat gullab-yashnaydi, fuqarolarning turmushi farovonlashadi. Tinchlik-osoyishtalikka oʻz-oʻzidan erishib boʻlmasligini hammamiz yaxshi bilamiz, albatta.

Bu borada Prezidentimiz tomonidan qator qonun hujjatlari, qarorlar hamda farmonlar imzolanib, ijrosi hayotga tatbiq etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirigʻi asosida, Buxoro viloyatida jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash ishlari ahvolini oʻrganish hamda ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Baxtiyor Islamov va Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Oʻrganishlar davomida ishchi guruh aʼzolari kichik guruhlarga boʻlingan holda, alohida yoʻnalishlar boʻyicha viloyatning barcha tuman va shaharlarida boʻlib, mahallalarni jinoyatdan holi, xavfsiz hududga aylantirish, shuningdek, kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan mahallalarda amalga oshirilgan ishlar ahvolini koʻzdan kechirmoqda. Shu bilan birga, xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi va bu borada tuman-shaharlarda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ahvoli oʻrganilib, hududlardagi sektor rahbarlarining kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish boʻyicha tashabbuslarining samaradorligi tahlil qilinmoqda.

Xususan, Prezident maslahatchisi va ichki ishlar vaziri, viloyatning Gʻijduvon, Vobkent, Jondor, Qorakoʻl, Olot, Kogon tumanlari hamda Kogon shahrining mahallalarida boʻlib, faollar va aholi bilan uchrashdi. Uchrashuvlar jarayonida fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularga yaratilgan qulayliklar va yechimini kutayotgan muammolar tahlil qilindi. Jumladan, Gʻijduvon tumanida, 388 va 398-sonli “Huquq tartibot maskani” hamda Amirobod maxallasi hududida joylashgan “Elektron kuzatuv maskani” faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tumanning Paxtaobod maxallasi Koʻkrabod qishlogʻida yangidan barpo etilgan, 3-sektor hududidagi 388-sonli “Huquq tartibot maskani” da yaratilgan sharoitlar alohida eʼtirof etildi. Ushbu maskan tumanning Paxtaobod, Ayritom, Amirobod, Baraka va Toshloq mahallarida istiqomat qiluvchi 18.555 nafar aholiga xizmat koʻrsatadi. Maskanga yuqorida koʻrsatilgan mahallarning gavjum joylarida oʻrnatilgan 25 ta kuzatuv kameralari integratsiya qilingan boʻlib, hozirda maskanda tergov boʻlimi surushtiruvchisi, tezkor xodim, PPX xodimlari hamda profilaktika inspektorlari xizmat olib bormoqda.

Mehmonlar, shuningdek, Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida va qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi binosida hamda 32-mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bolalarga yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

IIV Buxoro akademik litseyi qoshida tashkil etilgan IIV malaka oshirish instituti filiali hamda “Jasorat tarixi” muzeyi ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Ishchi guruh viloyatda oʻrganish hamda keng qamrovli tezkor profilaktik ishlarni davom ettirmoqda.

Text to speech