G‘ijduvon tumanining cho‘l hududida ayolni bir necha erkaklar jinsiy aloqa qilishga majbur etgan holati bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda e‘lon qilinib shov-shuvlarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan rasmiy ma‘lumot
Ijtimoiy tarmoqlarda bir ayolni bir necha shaxslar kuch ishlatish yo‘li bilan zo‘rlamoqchi bo‘layotganliklari aks etgan video tarqaldi.
Ushbu holat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas‘ul xodimlari tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, 2023-yilning 30-mart kuni soat taxminan 13:00 larda G‘ijduvon tumani “Sarmijon” mahallasida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan D.B. tanishi shu mahallada yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan S.G. ismli ayolni tumanning “Qoraxoni” mahallasi “Jilvon” cho‘l hududiga olib borib, uning erkiga zid ravishda jinsiy aloqada bo‘lib, o‘zi bilan birga borgan sherigi tomonidan holatni video tasvirga olib, ushbu video tasvir orqali uni o‘ziga qaram qilib, yonida bo‘lgan boshqa 3 nafar tanishlari bilan ham jinsiy aloqada bo‘lishga majbur qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 121-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish yuzasidan gumon qilinuvchi 3 nafar shaxslar O‘zbekiston Respublikasi JPK. ning 221-moddasi tartibida ushlanib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari, OAV vakillari, mustaqil jurnalist hamda blogerlar!
Unutmang, “shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish” jinoiy hodisa sifatida tavsiflanib O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 141/3-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Bundan tashqari yuqoridagi kabi holatlarni OAV yoki ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish dastlabki tergovning haqqoniy, odilona va to‘liq olib borilishiga xalal berishi, o‘zingiz bilmagan holda sir tutilishi mumkin bo‘lgan tergov harakatlarini oshkor qilishingiz esa dalillarning yo‘qotib yuborilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shunday ekan bu kabi holatlar yuzasidan qo‘lingizga kelib tushgan har qanday maʼlumotning haqqoniyligini tekshirish, huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv yoki dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi yuzasidan belgilangan tartibda murojaat qilib yoxud ichki ishlar organlarining Axborot xizmatlari orqali maʼlumot olishingiz mumkinligini maʼlum qilamiz.