17 May 2023 yil 646

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat yuzasidan rasmiy ma’lumot

Bugun, 17-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Miralimov Mirjamol Yuldashevichga murojaat” sarlavhasi ostida videolavha e’lon qilindi.

Ushbu murojaat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas‘ul xodimlari tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, joriy yilning 10-may kuni Jondor tumani “Luqmon” mahallasida yashovchi, “Jahongir Trans” MCHJ rahbari, 1996-yilda tug‘ilgan N.J ismli shaxs shu jamiyat ish yurituvchisi N.S. bilan birgalikda Buxoro shahrida joylashgan “Doniyorbek” kafesi oldida fuqarolar N.F. va X.A. lar bilan o‘zaro janjallashganlik holati o‘sha kunning o‘zida shahar ichki ishlar organlarida tegishli tartibda qayd etilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra N.S. ning ushbu janjal vaqtida Buxoro viloyati Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra yengil tan jarohati olganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda Buxoro shahar IIO FMB 2-son IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech