Jinoyatchilik “mahallabay” jilovlanmoqda
Avval xabar berganimizdek topshiriqqa asosan IIV ishchi guruhi Buxoro viloyatida jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ahvolini ko‘zdan kechirmoqda.
Hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilik ko‘rsatgichi yuqori bo‘lgan qizil va sariq hududlarni yashil hududga aylantirish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 12 fevralida o‘tkazilgan Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan yig‘ilishida, sektor rahbarlari va boshqa davlat organlari hamda tashkilotlar mutasaddi rahbarlariga aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Buxoro viloyatida bu borada bajarilgan ishlarni amalda ko‘rish va ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam ko‘rsatish kabi vazifalarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ishchi guruhi o‘rganish ishlarini davom etmoqda.
Xususan, ishchi guruh aʼzolari kichik guruhlarga bo‘linib, alohida yo‘nalishlar bo‘yicha viloyatning har bir shahar-tumanlarida bo‘lib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni “mahallabay”, “xavfsiz xonadon”, “xavfsiz hovli” va “fuqarobay” usulida jilovlashga qaratilgan faoliyatning natijalarini tahlil qilib bormoqda.
Shu bilan birga, xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishini nazorat qilish hamda maxsus tezkor-qidiruv profilaktik tadbirlarni o‘tkazish ham belgilangan rejalar sirasidandir.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 1654 nafar fuqaroning ijtimoiy-maishiy muammolari o‘z yechimini topdi. Jumladan, 523 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qiz taʼlimga, 559 nafari ota-onasi qaramog‘iga qaytarildi, 257 ta oilalar yarashtirildi, 256 nafar ayolga himoya orderi rasmiylashtirildi. 59 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanib, 1470 nafar uyushmagan yoshlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, hududda 15 ta jinoiy, 35 ta maʼmuriy holat aniqlandi. Bundan tashqari, 4 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi, 4 ta jinoyat fosh etildi, fuqarolar tomonidan 6 dona o‘qotar qurol ixtiyoriy ravishda ichki ishlar idorasiga topshirildi. Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash yo‘nalishi bo‘yicha 1555 ta qoidabuzarliklar aniqlangan bo‘lib, shundan 692 tasi qo‘pol turdagi qoidabuzarliklar hisoblanadi. Qoidabuzarlarga tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar natijalari va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, o‘rganishlar yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz ishchi guruh Buxoro viloyatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.