"Keksalar haftaligi" munosabati bilan Vobkent tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan ichki ishlar organlarining faxriylari va namunali xodimlari mukofotlandi.
Bugun yurtimizning barcha hududlari bo‘ylab "Keksalar haftaligi" bayram shukuhi kezib yuribdi. Shahar va qishloqlarda,mahallalarda, tashkilot va korxonalarda ishlab hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan aziz nuroniy otaxon va onaxonlarimiz uchun, ommaviy tadbirlar o‘tkazilib, bir piyola choy ustida turli konsert dasturlari tashkil etilmoqda. O‘z o‘rnida Vobkent tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan bayram arafasida bir qator el-yurt taraqqiyoti hamda osoyishtaligi yo‘lida fidokorona mehnat qilib, hozirgi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriylarimiz va hozirgi kunda sidqidildan el osoyishtalik yo‘lida mehnat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlari munosib rag‘batlantirildi.
Tadbirda tuman hokimi, Buxoro viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda tuman IIB rahbar va xodimlari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida Tuman hokimi so‘zga chiqib, hozirda ichki ishlar tizimida bir qancha islohotlar amalga oshirilayotganligi, ichki ishlar xodimlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha amaliy ishlar qilinayotganligi va qator ijobiy natijalarga erishilayotganligini taʼkidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, Buxoro viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Boltayev so‘zga chiqib, respublikamiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan kundan eʼtiboran ko‘plab islohotlar amalga oshirilgani, ayniqsa so‘nggi besh yil davomida barcha sohalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar tizimida ham ko‘plab yangiliklar, islohotlar yuz bergani, shuningdek respublikamiz hamda viloyatimizdagi kriminogen vaziyat, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tizim xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etayotgan masʼul rahbarlar nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylarga tuman hokimligi tomonidan berilgan mukofotlarni tantanali ravishda topshirdilar.
Esdalik sovg‘alariga ega bo‘lgan xodimlar so‘zga chiqib, eng avvalo bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan rag‘bat uchun avvalambor Yurtboshimizga, qolaversa Ichki ishlar vaziriga hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, ushbu rag‘bat kelajakda ularni yana-da g‘ayrat bilan xizmat olib borishlarida kuchiga kuch, shijoatiga shijoat qo‘shishini faxr bilan aytib, shukronalik bildirdilar.
Zero, masʼuliyatli shuning bilan birga mashaqqatli sohada xizmat qilayotgan ichki ishlar faxriylari va xodimlarining faoliyati rag‘batga munosib.